17.05.2022
Oʻzbek xalqi orzumand xalq. Doim yaxshi niyatda yashaydi. Kundan-kunga koʻchalarimizni toʻldirayotgan avtamobillarni kuzata turib, oʻz shaxsiy uloviga ega boʻlish ham xalqimizning orzu-maqsadlaridan biri ekanligini anglaysan. Yaxshi niyatlar yoʻlida peshona teri ila topgan pulini yillab yigʻadi. Biroq avtomashina olish maqsadiga yetishga bir qadam qolganda “uchar” tadbirkorlarga duch kelsa-yu, tarvuzi qoʻltigʻidan tushib... orzusiga yeta olmasa, bundan yomoni yoʻq! Havotirga oʻrin yoʻq, mamlakatimizda insonlarning isteʼmolchi sifatida huquqlari qonun bilan himoya qilingan. Bugun Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga turli MCHJ larga avtomobil olish uchun toʻlov qilib, mashinasini ham, toʻlagan pulini ham ololmayotgan isteʼmolchilar murojaati koʻpaygan. Xorazm viloyati, Bogʻot tumani “Kulon-qorabogʻ” qishlogʻida yashovchi Narmetova Nasiba 2022- yil 27- mart kuni Xorazm viloyati Bogʻot tumani jamiyatiga murojaat qilgan. N.Narmetova murojaatida qayd qilishicha 2021 -yil 30- avgust kuni “ORIENT AVTO-LIZING” MCHJ bilan shartnoma asosida boshlangʻich toʻlov 50532889 (ellik million besh yuz oʻttiz ikki ming sakkiz yuz sakson toʻkkiz soʻm) toʻlab, 120 ish kunida Lasetti avtomashinasi yetkazish uchun shartnoma imzolangan. Ammo fuqaro jamiyatga murojaat qilguniga qadar mashina yetkazib berilmagan va fuqaro bir necha marotaba MCHJ xodimlariga murojaatlar qilgan. Fuqaro murojaati yuzasidan jamiyat xodimlari tomonidan oʻrganishlar oʻtkazilib natijada fuqaro N.Narmetovaga boshlangʻich toʻlov uchun toʻlagan 50532889 soʻm mablagʻi qaytarilishiga erishildi.
Yana bir shunday holat Xorazm viloyati, Xiva tumani “Oltin vodiy” koʻchasida yashovchi E.Voisova bilan ham sodir boʻldi. Isteʼmolchi Chilonzor tumanida joylashgan “UZ AUTO PREMIUM” MCHJ ga Damas mashinasiga 35 392 000 soʻm toʻlov qilgan. Shartnomada keltirilgan vaqtdan oylar oʻtib ketsada, isteʼmolchining avtomashinasi unga topshirilmagan. Federatsiyaga qilgan murojaati Chilonzor tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganib chiqildi. Chindan isteʼmolchi yolgʻon qurboni boʻlib kelayotgani aniqlandi. Uning avtomobil uchun toʻlagan puli toʻliq qaytarib berildi. “UZ AUTO PREMIUM” MCHJ egalari insonlarni aldashni oʻzlariga kasb qilib olishganmi, Eldor Beshimov ham shu masʼuliyati cheklangan jamiyat bilan Cobalt mashinasiga 62 907 000 soʻm toʻlov qilgan. U ham anchadan buyon mashinasini ham, mashina uchun toʻlagan pulini ham qaytarib ololmagan. Chilonzor tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari saʼy-harakatlari bilan E. Beshimovga Cobalt mashinasi uchun toʻlagan pul mablagʻi toʻliq qaytarib berildi. Chilonzor tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari yana bir shunday arizani oʻrganib chiqishdi. Unga koʻra “UZ AUTO PREMIUM” MCHJ Damas avtomabili uchun 32 009 000 soʻm boshlangʻich toʻlovini toʻlagan Amin Burxonov ham mashinasini oʻz vaqtida ololmay sarson boʻlgan. Uning muammosini ham hal etilib, toʻlangan pul egasiga qaytarildi. Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi barcha fuqarolarni shunday qalloblardan ehtiyot boʻlishga chorlaydi, doimo ogoh boʻling!