Telegram-bot Virtual qabulxona

20.05.2022

Kafolat berdingizmi, soʻzingizda turing!

   Isteʼmolchilar tomonidan savdo sohasida kelib tushadigan eng koʻp noroziliklar bu- maishiy texnika savdosi bilan bogʻliq holatlardir. Bugun Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushgan shunday murojaatlarga toʻxtalamiz. Gurlan tumani “Ishonch” mahallasi “Nukus” koʻchasida yashovchi Manzura Rajapova tuman jamiyatiga murojaat qilib, 2019 –yil sentyabr oyida xarid qilgan “Rosso” rusumli televizori kafolat muddati tugamasdan oldin nosoz holga kelganini maʼlum qilgan. U bir necha bor televizorni xarid etgan doʻkoniga murojaat qilib, servis xizmati koʻrsatishlarini soʻragan. Ammo uning murojaati javobsiz qolavergan. Gurlan tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari maishiy texnika doʻkoni xodimlariga isteʼmolchining haqqi, huquqlari borasida tushuntirish ishlari olib borilgach, M.Rajapovaning televizori doʻkon servis xizmati tomonidan soz holatga keltirib berildi.

         Yana bir isteʼmolchi Shovot tumani “Qiyot” mahallasida yashovchi Shokirjon Otanazarov ham xarid qilgan muzlatgichi yaxshi ishlamayotgani, muzxonasi zanglab, rang chiqarayotganidan norozi boʻlib ariza qoldirgan. Murojaatda koʻrsatilishicha 2021-yil noyabr oyida Gurlan tumanidagi “Akmalbek texnika olami” xususiy korxonasidan 4 200 000 soʻmlik  “Elite-211” rusumli muzlatgichni sotib olgan. Isteʼmolchi bir necha bor muzlatgichini tuzatib berishlarini, kafolat muddati tugamaganligini taʼkidlab,  xususiy korxona  egalariga murojaat qilgan. Uning saʼy-harakatlari bekor ketgach, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur boʻlgan. Jamiyat xodimlari isteʼmolchini 2-guruh nogironi ekanligi, ishsiz, oilaviy sharoiti ogʻir ekanligini xususiy korxona egalariga tushuntirishdi. Issiq kunlarda Shokirjon Otanazarov xonadoniga muzlatgich juda zarurligi inobatga olinib, isteʼmolchiga doʻkon egalari tomonidan yangi muzlatgich bir kunda  yetkazib berildi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00