25.05.2022
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining taklifiga asosan Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 25-26-may kunlari Qirgʻiziston Respublikasining Bishkek shahrida boʻlib oʻtayotgan “Yevroosiyo iqtisodiy forumi – 2022” doirasidagi tadbirlarda ishtirok etmoqda.
Bugun, 25-may kuni Boris Yelsin nomidagi Qirgʻiz–Rossiya Slavyan Universiteti faollar zalida «Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar mamlakatlari bozorida isteʼmolchiga vijdonan munosabat amaliyotini rivojlantirish” mavzusidagi davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirda biznes, davlat idoralari va isteʼmolchilarning jamoat birlashmalari vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida ishlab chiqarish va marketingning ixtiyoriy standartlarini, sifat menejmenti tizimini amaliyotga qoʻllashning ilgʻor tajribalari, biznes va jamiyat hamjihatligini taʼminlashning yangi mexanizmlari masalalari, biznes masʼuliyatini oshirishni koʻzda tutuvchi oʻzini-oʻzi boshqarishning istiqbollari kabi masalalar koʻrib chiqildi.
Shuningdek, Federatsiya delegatsiyasi forum doirasida ertaga – 26-may kuni “Insonlar va biznes manfaatlari uchun texnik tartibga solish” mavzusida gibrid formatda oʻtkaziladigan muhokamalarda qatnashadi.
Maʼlumot tariqasida, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2018-yildan boshlab Xalqaro isteʼmolchilar tashkilotining toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi (VEES) yigʻilishi arafasida boʻlib oʻtayotgan Birinchi Yevroosiyo iqtisodiy forumining yalpi majlisida YEOII (YEAES) aʼzo va kuzatuvchi davlatlar – Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Oʻzbekiston va Kuba davlatlari rahbarlari ishtirok etadi.
Yevroosiyo iqtisodiy forumi 2016-yildan buyon YEOII mamlakatlarida oʻtkazib kelinayotgan “Yevroosiyo haftaligi” negizida tashkil etilgan. 2019-yilda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi “Yevroosiyo haftaligi”ni Yevroosiyo iqtisodiy forumi tarzida qayta tashkil etish haqida qaror qabul qilgan edi. Mazkur forum YEOII va kuzatuvchi davlatlarning yirik, oʻrta va kichik biznesi vakillari, davlat va nodavlat idoralari oʻzida jamlaydi.
Forumning asosiy maqsadi – YEOII davlatlari iqtisodiy integratsiyasini tezlashtirish, mavjud toʻsiqlarga barham berish va iqtisodiyot sektorlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishdan iborat. Forumga uzoq va yaqin xorij mamlakatlaridan 600 dan ziyod ishtirokchi taklif etilgan.
Yevroosiyo iqtisodiy forumida ishtirok etish:
• YEOII kun tartibidagi asosiy masalalardan xabardor boʻlish;
• Yaqin istiqbolda YEOII ga aʼzo davlatlar qonunchiligida qanday yoʻnalishlar ustuvor boʻlishini prognozlash;
• Yevroosiyo iqtisodiy forumida ishtirok etayotgan kompaniyalar bilan biznes hamkorlik oʻrnatish kabi bir qator imkoniyatlarni beradi.