13.07.2022
Jamiyatimizda bo`ladigan ba’zi holatlarni kuzata turib, yurtdoshlarimizning soddaligiga, jo`n fikrlashiga hayron qolasan kishi. Inson hamisha o`z haq-huquqlarini himoya qila olishi lozim. Zarbdorlik iste’molchi Shahnoza Qurbonova, Zarbdordan Jizzaxga otlanib, yangi telefon xaridiga shoshadi. Eski shahar “Buyum bozori”dagi “Leader” savdo do`konidan 1.400.000 (bir million to`rt yuz ming so`m)ga mobil telefon sotib oldi. Ammo, uyga olib borsa telefonda nuqson bor ekan. Hartugul, yuragini hovuchlab qaytarib olib kelsa alishtirib berishdi. Lekin, almashtirilgan ikkinchi telefoni ham umuman ishlamadi. Uni alishtirishdan esa sotuvchi bosh tortadi. Ikki marta “og`zi kuygan” xaridor nima qilishga hayron bo`lgan chog`i, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federasiyasi haqida xabar topadi.
Iste’molchi Shahnoza o`z haq-huquqlaridan foydalangan holda, Jizzax viloyat Iste’molchilar huquqini himoya qilish birlashmasiga ariza bilan murojaat etadi. Mazkur holat mutasaddilar tomonidan o`rganilib, Shahnoza Qurbonovaning ishlamayotgan mobil telefoni sifatlisiga almashtirib berildi!
Zafarobod tumanidagi “Cho`liguliston” QFYda istiqomat qiluvchi yana bir iste’molchi Maftuna Omonovaning ham muammosi o`z vaqtida hal etildi. Paxtakor tumanidagi “Premier” savdo do`konidan 3 400 000 (uch million to`rt yuz ming so`m)ga muzlatgich sotib olgan. Ammo, xonadoniga o`rnatgach, muzlatgich yaxshi ishlamagan. Mijoz o`z imkoniyatlardan foydalangan holda servis xizmatiga uch marotaba murojaat etib, mahsulotni sozlatsa hamki, baribir foydasi bo`lmadi. Oxiri, sotuvchining qo`pol muomalasidan keyin, O`zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining 10-91 raqamli ishonch telefoniga murojaat etishga majbur bo`lgan. Paxtakor tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan muammo atroflicha o`rganilib, 3 oydan beri yechimini topa olmaydigan masalaga ijobiy yakun yasaldi! Iste’molchining nosoz muzlatgichi yangisiga almashtirib berildi.
ESLATMA: Qadrli iste’molchilar! Savdo do`konlaridan xaridni amalga oshirganda chek talab qilishni unutmang!