19.07.2022
Biz bugun isteʼmolchilarni qiynayotgan muammolardan biri aviachiptalar masalasiga yana toʻxtalmoqdamiz. Buxoro viloyati, Peshkoʻ tumani “Xorkash” MFY Oqrabot qishlogʻida yashovchi isteʼmolchi O.B Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi murojaat qilib, 2020-yilning mart oyida Buxoro shahridagi “GOLDAVIA SERVIS” ga qarashli aviakassadan “Buxoro-Moskva” avia yoʻnalishi orqali parvoz qilish maqsadida 1 500 000 soʻmga aviabilet xarid qilganini, ammo koronavirus pandimiyasi tufayli aviareyslar qoldirilgani sababli parvozi amalga oshmaganini bildirib, aviachipta pulini qaytarib olishda amaliy yordam soʻragan. Mazkur murojaat Peshkoʻ tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan joyiga chiqib oʻrganilib, muammo zudlik bilan ijobiy hal etildi va isteʼmolchining aviabilet uchun toʻlagan 1 500 000 soʻm puli undirib berildi. Namangan viloyati Pop tumani, Sang qishlogʻi, “Guzar” mahallasida yashovchi yana bir isteʼmolchi Y.J ham xuddi shunday aviachipta muammosi bilan Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga yozma murojaat etdi. Murojaatda bayon etilishicha, fuqaro 2020-yilning 26-fevral kuni Pop shahridagi avikassadan Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad shahriga borish maqsadida 2 850 000 soʻmga aviachipta sotib olganligi biroq 2020-yil mart oyida butun dunyoda “COVID-19” pandemiyasi munosabati bilan davlatlararo avia qatnovlar toʻliq toʻxtatilganligi sababli 2020-yil 25-mart kuni Rossiya Federatsiyasiga ketishini imkoni boʻlmaganligi, 2020-yil oxirida aviachiptasini avikassa xodimlarining koʻrsatmasi boʻyicha vaucherga oʻtkazib qoʻyilganligi, lekin shu kungacha ushbu holat inobatga olinmayotganligi uchun aviachipta uchun sarflagan pulini qaytarib olishda amaliy yordam soʻrab murojaat etgan. Ushbu murojaat Pop tuman jamiyati tomonidan oʻrganilib chiqildi. Oʻrganish davomida Pop tuman jamiyati mutaxassislari Pop shahrida joylashgan “EXPRESS AIR” MCHJ ga qarashli Avikassa sotuvchisi bilan suhbat olib borildi, “EXPRESS AIR” MCHJ sotuvchisi tomonidan murojaatchi Y.J ning avia chipta uchun qilgan toʻlovlari, yaʼni 2 850 000 soʻm puli qaytarib olib berilishiga erishildi.