Telegram-bot Virtual qabulxona

04.08.2022

Noutbukda kafolat muddati ichida nuqson chiqdi

   O`zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning “Tagob” mahalla fuqarolar yig`ini hududida yashovchi I.X. dan kelib tushgan murojaat o`rganildi. Murojaat muddatli to`lov asosida sotib olingan noutbukda chiqqan nuqson hamda nuqsonli tovarni shunga mas’ul tashkilot tomonidan ta’mirlab, soz holatga keltirib berish ishlari paysalga solinayotgani haqida.

Ma’lum bo`lishicha, “Lenovo” rusumli noutbuk Qo`qon shahrida joylashgan savdo do`konlarining biridan muddatli to`lov shartlarida, 7800000 (yetti million sakkiz yuz ming) so`mga xarid qilingan. Lekin oradan muayyan vaqt o`tgach noutbukda nuqsonlari kuzatilib, u yaxshi ishlamay qoladi. Iste’molchi bu haqda sotuvchiga murojaat qilib, tovardagi kafolat muddati ichida yuzaga kelgan nuqsonlarni bepul bartaraf etib berilishini so`ragan. Sotuvchi tomonidan nuqsonli tovar olib qolingan, lekin ehtiyot qismlar yetib kelmayotganligi vaji bilan uni tez muddatlarda ta’mirlab, soz holatga keltirib berish ishlari cho`zilib ketgan.

Murojaatni o`rganish jarayonida sotuvchiga O`zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun tegishli moddalari bo`yicha iste’molchining huquqlari, sotuvchining majburiyatlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada tovardagi nuqsonlarni tez muddatlarda bartaraf etib berilishiga erishildi.

Murojaati tez muddatlarda o`rganib chiqilishi va ijobiy hal etib berilishidan xursand bo`lgan iste’molchi tuman jamiyati nomiga yozgan minnatdorchilik xatida noutbukni soz holatga keltirib berilganligini ma’lum qildi.

Muzaffar Jo`rayev,

O`zbekiston tuman jamiyati raisi

 

 

 

 

 

 

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00