04.08.2022
Butun dunyoda kosmetologiya rivojlanib bormoqda. Oilaviy foto albomlarni varaqlaydigan boʻlsak, suratlarda buvijonlarimiz 50-60 yoshlarida ancha keksayib qolganday koʻrinadi bizga. Bugun esa kosmetolgiya rivoji, turli muolajalar sabab ayollarimiz oʻz yoshlariga nisbattan ancha yosh koʻrinishmoqda. Yangi texnika-texnolgiyalar sabab bizda yoshlikni asrab qolish imkoniyati tugʻilayotgandek. Kosmetologiyaga kirib kelayotgan yangiliklar shunchalik koʻpki, mezoterapiya, botulinoterapiya, mezoip, filler... bularni qay birini tushunib, eslab qolishni bilmaysan kishi. Ammo bir haqiqat mavjud yuzimizdagi teri eng nozik teri qismlaridan biridir. Shu bois ham kosmetologlar malakasi, mutaxassis sifatidagi bilmi juda muhim ahamiyatga ega.
Kosmetolog oliy maʼlumotli boʻlishi shartmi?
Odamlarning kosmetologik muolajalarga ehtiyoji ortib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlarni, ayniqsa instagramni kuzatadigan boʻlsangiz, turli tuman kosmetologlar oʻz ishlarini reklama qilishadi. Ular koʻrsatadigan xizmatlarning narxlari ham arzongina emas. Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Kosmetologlar oliy maʼlumotli boʻlishi shartmi? Hozirda 3 oylik, 6 oylik kurslarni tugatib kosmetolog boʻlib faoliyat yuritayotganlar koʻp oramizda. Ularning faoliyati nazoratdami, moboda sifatsiz xizmat koʻrsatishsa, javobini kim beradi? Axir birgina notoʻgʻri muolaja sabab insonning yuz qismida bir umrga tuzalmas nuqsonlar kelib chiqishi mumkin-ku. Shunday sertifikatlar bilan ish olib borayotgan “mutaxassislarga” shu savollarni bersangiz, ayni sohada kadrlar yetishmovchiligi borligini, shu bois ham shunday kurslar har jihatdan foydali ekanligini eʼtirof etishadi. Biroq sohada toʻliq malakali mutaxassislar ishlamayotgani, sifatli xizmat koʻrsatishda muammolar mavjudligini yaqqol koʻrsatib qoʻymoqda. Aslida oliy maʼlumotli kosmetologlar tibbiyot oliygohlarida 7 yil dermatolog boʻlish uchun tahsil olishadi. Soʻngra yana kosmetolog boʻlish uchun tor mutaxassislik doirasida oʻqishadi. Bir soʻz bilan aytganda inson yuzida amaliyotlar oʻtkazish uchun yillar davomida ilm olishadi. Tibbiyot kollejida tahsil olgan vaqtimda, ustozlarimiz birgina ineksiyaning xato qilinishi natijasida nimalar sodir boʻlishini tushuntirishgan edi(insonni falaj qilib qoʻyish ham hech gap emas). Endi oʻzimning uch yillik tibbiy bilimimdan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, inson yuzida yuzglab nerv tolalari oʻtgan. Unga notoʻgʻri muolaja qilinsa, yuzni chiroyli qilaman deb badbashara qilib qoʻyish ham mumkin. Nazarimda har bir ishni oʻz ustasi qilgani maʼqul. Bejizga ota-bobolarimiz “Chumchuq soʻysa ham qassob soʻysin” deyishmagan. Kosmetologlarga murojaat qilayotgan mijozlar ham ularning tibbiy bilimi, mutahassis sifatidagi darajasiga eʼtibor qaratishsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Alloh bergan goʻzal yuzga birgina xato bilan putur yetkazish kechirib boʻlmas xatodir.
Kosmetologiyadagi oʻyinlar...
Barcha sohalarda boʻlgani kabi kosmetologiyada ham turli oʻyinlar mavjud ekan. Balki ushbu maqolani oʻqiyotgan opa-singillarimizga “Asthetik lab” klinikasidan qoʻngʻiroq qilib, siz sovgʻaga foydali vaucher yutib oldingiz deya qoʻngʻiroq qilishgandir. Borib koʻrganlar esa bilishadiki, ular sizga ayrim muolajalarini qilishgach, oʻzlarining qimmat muolaja va yuz uchun vositalaridan foydalanishga shartnoma tuzishga undashadi. Ushbu tuziladigan shartnoma ham kichkina mablagʻga emas! Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlar juda koʻpchilik mijozlar ularga chuv tushayotganini koʻrsatmoqda. Isteʼmolchi Gulchehra Hamidova ushbu klinika bilan 6 500 000 soʻmga shartnoma tuzgan. Biroq u keyin ularning muolajalaridan foydalanishni istamay shartnomani bekor qilaman deganida 2 000 000 soʻmga kuyib qolgan, yaʼni qaytarib ololmagan. Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi Sugiryova Ayna esa “Asthetik lab” klinikasi xodimlari undan aldov yoʻli orqali 1 000 000 soʻm olishganidan norozi boʻlib murojaat qilgan. Bunday arzilar bir nechta bor. Biz murojaatchilardan batafsil soʻraydigan boʻlsak,ularni ham qoʻngʻiroq qilib chaqirishgan. Borishganda yuzlariga baʼzi mulojalarni qilishgan. Shundan soʻng ularni shartnoma tuzishga undashgan. Yonlarida katta miqdordagi pul mablagʻi yoʻqligini aytishsa, uylariga borib kelish uchun xizmat koʻrsatuvchi mashina berishlarini ham taklif etishar ekan. Qanday qilib boʻlmasin mijoz bilan shartnoma tuzishga harakat qilishadi. Albatta bu biznes deyishingiz mumkin, biroq sodda mijozlar ularning gaplariga ishonib, shartnoma tuzib, keyin qiyin ahvolga tushib qolishayotgani achinarli. Eng kamida 5 000 000 soʻm, 6 000 000 soʻm shartnoma tuzishni tavsiya etayotganlar shu ayollar shartnomada koʻrsatilayotgan pulni bir necha oy davomida tinmay mehnat qilib topishlarini bilishar ekanmi? shu oʻrinda savol tugʻiladi “sovgʻa-vaucher” yutgan mijozga xizmat koʻrsatish lozim boʻldi, boshqa xizmatlardan foydalanish uning xohshishi. Majburlashga hech kimning haqqi yoʻq. Aslida mijozni qoʻngʻiroq qilib chaqirishlari ham bejizga emasdek. Toʻgʻri bugun qanday qilib boʻlmasin pul topish, koʻproq mijoz jalb qilishni asosiy maqsadiga aylantirib olganlar koʻp. Yana oʻsha maqola boshidagi fikrga qaytaman, har bir insonning yuzi Yaratuvchi tomonidan yaratilgan, noyob boylikdir! Yuzingizni biror mutaхassisga ishonib topshirayotganda juda ehtiyot boʻling. “Asthetik lab” kabi klinikalar bilan shartnoma tuzadigan boʻlsangiz uning talablarini yaxshi oʻqib chiqib, soʻngra qoʻl qoʻying. Har doim oʻz huquqingizni biling! Koʻpincha sodda ayollarimiz oʻz ishini bilmaydigan kosmetologlarga uchrab qolishadi, sifatsiz xizmat sabab puliga kuyishadi. Aziz opa-singillar goʻzallik qalbdan boshlanadi. Albatta zamonaviy kosmetolgiyadan foydalanishga imkoningiz boʻlsa qoʻllaganingiz yaxshi. Biroq kosmetolgiyaning “goʻzal oʻyinlariga” chuv tushib qolmang! Soʻqir koʻzga surma ne darkor... deganlaridek goʻzallik sari sogʻlom, oʻziga ishongan ayollar harakat qilishadi. Eng asosiy koʻzlaringizni kattaroq ochib, yuzingizni yoshartirish, goʻzallashtirish uchun kimga, qanday klinikaga murojaat qilayotganingizni unutmang. “Oʻrdak oʻziga oro bersa ham oqqush boʻla olmas”, bugun bu maqolni kosmetologiyada faoliyat yuritayotgan ayrim oʻzidan “mukammal” mutaxassis yaratib olib, bosh maqsadi goʻzallik yaratish emas, aksincha faqat pul ishlashni maqsad qilib olgan kimsalarga nisbattan ishlatdik. Ming urinsang ham zoʻr boʻlib qololmaysan qachonki haqiqiy biliming boʻlmasa. Bizning nazarimizda kosmetologlarni ham qonuniy jihatdan nazorat qilish lozim. Boisi ular ham tibbiyot xodimlari singari insonlar sogʻligi va hayoti bilan bogʻliq jarayonlarni amalga oshiradi.
Gulnoza Sharafova,
Jurnalist