Telegram-bot Virtual qabulxona

06.09.2022

“Yoʻlni karvondan soʻra-soʻzni soyirdan soʻra” –yoʻllar harakatini tashkil etish bilan bogʻliq muammolarni oʻrganishda jamoatchilik nazoarati zarur(mi)?

Umr bu- yoʻllar degani. Hayotimizning maʼlum qismini yoʻllarda oʻtkazamiz. Ertalab ishga otlanamiz, kechki payt yaqinlarimiz diydoriga shoshamiz. Baʼzida orzular, rejalar, maqsadlar bizni olis masofalarga chorlaydi. Yoʻllarda olisimizni yaqin qiladigan avtomashinalar bor ekanki, manzilimiz yaqin, ogʻirimiz yengil boʻladi. Yoʻllar haqida gap ketganda oʻz-oʻzidan yoʻllarning sifati, ulardagi belgilar, qoidalarning buzilishi-yu, jarimalar xususida toʻxtalmasak boʻlmaydi. Bizga keltirilgan maʼlumotlarga koʻra yurtimizda   2021-yilda jami 10 001 ta yoʻl transport-hodisasi sodir boʻlgan. Bularning, 469 tasi Fargʻonada, 1129 tasi Samarqandda va 1082 tasi esa Namanganda sodir boʻlgan.  

   Mazkur yoʻl transport hodisalarining kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda ularning 20 foizdan ortigʻi belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, 20 foizi yoʻl infratuzilmasidagi kamchiliklar, 14 foizi piyodalar uchun xavfsiz sharoitlar yaratilmaganligi, 9,1 foizi haydovchining tajribasizligi oqibatida sodir etilgani qayd etilgan. Aslida yoʻllar bilan bogʻliq muammolarimiz talaygina. Birgina yoʻl –patrul xizmati xodimlari bilan fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarni oʻzi oʻrganish, tahlil etish, kerak joyda tartibga solish lozim boʻlgan holatlardan ekanligi barchamizga ayon haqiqat. Soʻngi yillarda bu borada ancha ishlar qilinib, xalq manfaatlari ilgari surilishiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgan turli videolavhalar hali qilinishi lozim boʻlgan ishlar koʻpligini koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi “Yoʻl harakati xavsizligi toʻgʻrisida” gi qonunning 11-moddasida: Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va nodavlat notijorat tashkilotlarining yoʻl harakati xavsizligini taʼminlash boʻyicha  tadbirlarni amalga oshirishdagi ishtirokiga alohida toʻxtalib: “Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, maxsus vakolatli davlat organlariga yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi tadbirlarni amalga oshirish hamda normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritishga, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha tadbirlarda ishtirok etishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan yoʻl harakati xafvsizligi sohasidagi qarorlar ishlab chiqishida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etishga haqli”. Shu nuqtai nazardan Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi lozim. Bu hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” gi , “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida” gi, “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida” gi qonunlari, Vazirlar mahkamasining 414- sonli qarori asosida amalga oshiriladi. Bu hamkorlikdan manfaat nima, degan savol tugʻilishi tabiiy. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga xalqimiz orasida yoʻl-transport vositalari bilan bogʻliq bir qancha muammolar bilan murojaat etishadi. Masalan, yoʻl belgilari. Xalqimiz yoʻl belgilarining, joy nomlarining noaniqligi, yotiq chiziqlarining koʻrinmas darajaga kelib qolganidan aziyat chekmoqda.

Bu kabi muammolarning oxiri yoʻqdek. Yoʻl belgilarining kamligi, borlarining ham tartibsiz (masalan, daraxtlarning tagida, uy devorlariga, sim yogʻochlarga) oʻrnatilishi oqibatida ham avtotransport hodisalarining yuz berayotgani hech kimga sir emas. Eng asosiysi sifatsiz yoʻllar, oʻz joyida toʻgʻri qoʻllanmagan belgilar qanchadan-qancha inson hayotiga zomin boʻlishi mumkin. Poytaxtdan viloyatlarga qarab yoʻlga chiqqan yurtdoshlarimiz “yoʻl azobi-goʻr azobi” naqlini naqadar haqiqat ekanligini yaxshi bilishadi. Uydim-chuqur yoʻllarda manzilingizga yetib olguncha boʻlaringiz boʻladi... Kamiga manzilga yetib olgach tezlikni oshirganingiz uchun yoki boshqa sabablarga koʻra yoʻl qoidasini buzganingiz uchun “otning kallasiday” jarima sizni kutib turishi ogʻriqli. Aslini olganda yoʻl-harakati tizimidagi holatlar koʻpincha insonlar manfaatiga, ularning hayoti va sogʻligi uchun xizmat qiladi. Misol tariqasida tezlikni oshirish xususiga toʻxtalsak, Adliya vazirligida 2011-yil 5-iyulda 2240-son bilan roʻyxatga olingan Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning 8-bandida haydovchi belgilangan tezlikni oshirib yuborganda tezlikni oʻlchaydigan maxsus uskunalar va transport vositalari spidometrlari koʻrsatkichlaridagi yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan jami nuqsonlar jamlangan holda hisobga olinishi kerak.

Bunda tezlikni oʻlchaydigan uskuna ruxsat etilgan tezlikdan soatiga 5 kilometrdan oshiq boʻlganini koʻrsatgan taqdirda maʼmuriy bayonnoma tuziladi. Yaʼni, tezlikni oʻlchashda vujudga kelishi mumkin boʻlgan texnik nuqsonlar haydovchi foydasiga hal qilingan holda shartli ravishda qonunchilikda +5 km/soat birlik belgilab qoʻyilgan. Masalan, aholi yashash punktida, harakatlanish tezligini soatiga 70 kilometrdan oshirish mumkin boʻlmagan joyda soatiga 75 kilometrgacha tezlikda harakatlanib kelgan haydovchi yoʻl harakati qoidalarini buzmagan hisoblanadi. Yaʼni, tezlik 76 km/soatni tashkil etganda yoʻl harakati qoidalari buzilgan hisoblanadi va bu bir baravar miqdorda jarimaga tortishga sabab boʻladi. Umuman olganda yoʻl patrul nazorati xizmati xodimlari ham yoʻllarimizda turli halokatlarni oldini olish, insonlar hayotini asrash uchun xizmat qilishadi. Gohida sabrsizlik, vaqt tigʻizligi, huquq va burchlarni toʻla anglamaslik YPX xodimlari va yurtdoshlarimiz oʻrtasida kelishmovchiliklarga sabab boʻlishi mumkin.  Yoʻllarmizning  sifat darajasi, undagi belgilarning oʻz joyiga qoʻyilishi, YPX xodimlari muomala madaniyati, yoʻl chiziqlari, avtomobillar texnik nazorati kabi bir qator ishlarda jamoat tashkilotlar vakillarining ishtiroki juda muhim. Ular yoʻllardagi harakatni nazorat qiluvchi idoralar va xalq oʻrtasida munosabatlarni ijobiy yoʻnaltiruvchi koʻprik boʻlib xizmat qiladi. “Olis yoʻl otni sinar, ogʻir yoʻl mardni sinar” deganlaridek, har ishda holislik, haqqoniylik va mardlik zarur. Zero qilinayotgan har bir saʼy harakat xalqimiz manfaati, yoʻllarimiz ravonligi, yoʻl harakatini tashkil etishdagi muammolarni bartaraf etishga xizmat qilishi lozim. Yoʻllar –taqdirlar demakdir. Oʻz taqdirimizga befarq boʻlmaylik!

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini

 himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

Matbuot xizmati


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00