19.09.2022
Gaz, suv, elektr energiyasi oʻz pulini oʻz vaqtida toʻlab borish avvalo, oʻzimiz uchun naf keltiradi. Eng asosiysi, davlat oldidagi fuqarolik pozitsiyamizning nechogʻli shakllangani ham kommunal toʻlovlarga boʻlgan munosabatimizda oʻz aksini topadi. Afsuski, baʼzi hollarda toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirib kelayotgan fuqarolarga ham asossiz qarzdorlik yuklanayotganiga guvoh boʻlayapmiz.
Jizzax shahri, “H.Olimjon” mahallasi N.Qoʻshoqov koʻchasi 22-uyda yashovchi fuqaro Axmuradov Diyor tomonidan tushgan arizada ham xuddi shu muammo yuzasidan murojaat qilingan. Isteʼmolchiga Jizzax shahar gaz taʼminoti tomonidan 6 900 000 (olti million toʻqqiz yuz ming)soʻm qarzdorligi haqida ogohlantirish xati kelgan. Unga, barcha qarzdorligi toʻlangan taqdirdagina xonadoniga elektron hisoblagich oʻrnatilishi mumkinligi aytiladi. Ammo, isteʼmolchi “toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab borganman” desa ham, eʼtiborga olinmaydi. Eʼtirozi inobatga olinmagan D.Axmuradov Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “Ishonch telefoni”ga huquqi poymol boʻlayotgani toʻgʻrisida murojaat qilgach, Jizzax shahar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari holatni oʻrganib chiqishdi. Haqiqatdan ham, fuqaroning “Billingaz” dasturida 28-10-13 sonli abonent raqami rasmiylashtirilgan boʻlib, xonadonning isteʼmol qilingan tabiiy gaz boʻyicha hisob-kitobi, gaz hisoblagich uskunasi koʻrsatkichlari asosida amalga oshirib kelayotgani maʼlum boʻldi.
Asossiz qarzdorlikka sabab esa, eski gaz hisoblagich uskunasi koʻrsatkichi oʻz vaqtida topshirilmagan va “Billingaz” dasturida avtomatik tarzda gaz sarfi hisoblangan. Ortiqcha gaz sarfini hisobdan chiqarish uchun toʻplangan hujjatlar “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filialiga yuborildi. Natijada esa, isteʼmolchining xonadoniga qoʻyilgan asossiz qarzdorlik bartaraf etilib, isteʼmolchiga Jizzax shahar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati koʻmagi bilan elektron onlayn hisoblagich oʻrnatib berildi.