Telegram-bot Virtual qabulxona

08.02.2023

Xalqaro iste’molchilar tashkiloti 2023-yilgi Butunjahon iste’molchilar kongressini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi

Xalqaro iste’molchilar tashkiloti bosh direktori Xelena Loran O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov nomiga murojaat xati yo'llab, 2023-yilda Consumers International'ning Butunjahon iste’molchilar kongressini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

Consumers International (Xalqaro iste’molchilar tashkiloti) jahon iste’molchilar tashkilotlarining yagona global tarmog‘i hisoblanadi. 1960-yilda tashkil topgan mazkur tashkilot Birlashgan Millatlar Tashkilotida maslahatchilik maqomiga ega. Ayni paytda tizim o‘zida dunyoning barcha qit’alaridagi 100 dan oshiq mamlakatlarning 200 dan oshiq iste’molchilar tashkilotini birlashtirgan. Ular qatorida Consumer Reports (AQSH), Choice Australia, Consumentenbond (Niderlandiya), Consumer Voice (Hindiston), KONFOP (MDH), El Poder del Consumidor (Meksika), IDEC (Braziliya), Thailand Consumer Council, ADECOR (Ruanda), Grassroots Kenya, FNAC (Marokash) kabi ko‘plab nufuzli tashkilotlar bor.

Xalqaro iste’molchilar tashkiloti a’zolari xavfsiz, adolatli va barqaror bozor tashkil etishga ko‘maklashish, iste’molchilarga maslahatlar berish orqali ma’rifat tarqatish va ularning huquqini himoya qilish, shuningdek, biznes va hukumatlar rahbarlariga tavsiyalar berish bilan shug‘ullanadi.

"Men mamnuniyat bilan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari va O‘zbekiston Respublikasiga Consumers International'ning Butunjahon iste’molchilar kongressini 2023-yilda O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyati haqida ma’lum qilaman. Biz iste’mol bozorining istiqboliga doir keng va inklyuziv muloqot uchun manfaatdor tomonlarning yuqori darajadagi rahbarlarini tanlaymiz. Hozirda biz tadbirning shakli va uni o‘tkazish mumkin bo‘lgan joyni belgilash uchun butun dunyo yetakchilariga murojaat qilmoqdamiz",  – deydi Xelena Loran.

Ma'lumot uchun, Butunjahon iste’molchilar kongressi har 4 yilda bir marta o‘tkaziladi va unda tizimga a’zo tashkilotlar yetakchilari yig‘ilib, iste’molchilar huquqini himoya qilish sohasidagi mavjud ahvolni baholash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish va kelajak rejalarini tuzib olishga oid masalalar muhokama qilinadi. Kongressning davomiyligi 2-4 kunni tashkil etadi va unda 300 nafardan 600 nafargacha ishtirokchi qatnashadi. Tashkilotning so‘nggi global forumlarini Portugaliya (2019), Braziliya (2015), Gonkong (2011) va Avstraliya (2007) hukumatlari qabul qilgan.

"Agar O‘zbekiston kongressni o‘tkazishga qiziqish bildirsa, biz xursand bo‘lar edik. Kongressni o‘tkazishga qiziqish bilan bog‘liq barcha takliflarni Consumers International Boshqaruvi ko‘rib chiqadi va bizga a’zo iste’molchilar tashkilotlari hamda ularning hukumatlari o‘rtasida ishonchli hamkorlik o‘rnatilishiga ko‘maklashadi", deyiladi murojaatda.

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00