09.02.2023
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Namangan viloyat hududiy birlashmasiga 2022-yilda fuqarolardan jami 624 ta murojaat kelib tushgan.
Mazkur murojaatlarning 98,8 foizi ijobiy hal etilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 2 mlrd 354 mln 33 ming 419 soʻm yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilingan.
"Shundan 27 ta holatda tuman, shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tomonidan sudlarga daʼvo arizalari kiritilib, 5 ta holatda nazorat organlariga hamkorlikda hal etish uchun yuborildi. Natijada isteʼmolchilarning buzilgan huquqlari sudlarda himoya qilindi, tiklandi va eng asosiysi qariyb 772 mln 496 ming 854.5 soʻm hamda nazorat organlari orqali esa 52 mln 800 ming soʻm miqdorida isteʼmolchilar koʻrishi mumkin boʻlgan zararning oldi olindi", - deydi birlashma ijrochi direktori Ahadjon Turdiqulov.
Isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlar tahlil etilganda, ularning aksariyati savdo (156 ta), xizmat koʻrsatish (servis) (13 ta), tabiiy gaz taʼminoti (89 ta), kommunal xizmat koʻrsatish (24 ta), elektr taʼminoti (64 ta), suv taʼminoti (34 ta), aloqa va internet (9 ta ), sogʻliqni saqlash (13 ta), transport (18 ta) va boshqa sohalarga ( 204 ta) toʻgʻri kelishi ma'lum bo'ldi.