Telegram-bot Virtual qabulxona

15.02.2023

Iste'molchilar zimmasidagi jami 125 million so'mlik noqonuniy qarzdorlik bekor qilindi

Qashqadaryo viloyatining Koson tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga tuman gaz idorasining qingʻirliklari sabab isteʼmolchilarning huquqlari buzilayotganiga oid koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar oyida tabiiy gaz taʼminoti sohasidagi qonun buzilish holatlariga oid 17 ta murojaat boʻyicha sudlarga daʼvo arizalari kiritildi. Sud tomonidan isteʼmolchilarning manfaatlarini koʻzlab kiritilgan daʼvo talablari qanoatlantirilib, gaz idorasi zimmasiga jami 125 million soʻmdan ortiq noqonuniy qarzdorliklarni isteʼmolchilarning hisobidan chiqarish va bekor qilish majburiyati yuklatildi.

Jumladan, fuqaro H.A. tomonidan tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga “Kosontumangaz” taʼminoti boʻlimi tomonidan foydalanilgan gaz sarfidan ortiqcha 4 million 798 ming soʻm noqonuniy qarzdorlik hisoblanayotganligi maʼlum qilingan.

Mazkur murojaat oʻrganilganda, isteʼmolchi tomonidan tabiiy gaz toʻlovlari hisoblagich koʻrsatkichi boʻyicha amalga oshirilib kelinganligi, biroq shunga qaramasdan gaz taʼminoti boʻlimi unga nisbatan ortiqcha qarzdorlik hisoblaganligi aniqlangan. Natijada sudga daʼvo arizasi kiritilib, sud tomonidan asossiz qarzdorlikni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Shuningdek,  fuqaro Sh.N.ning tuman jamiyatiga qilgan murojaati o'rganilganda, unga nisbatan tuman gaz idorasi tomonidan 2 million 634  ming soʻm noqonuniy qarzdorlik hisoblanganligi maʼlum boʻlgan. Mazkur qarzdorlik isteʼmolchi xonadoniga oʻrnatilgan hisoblagich koʻrsatgichlarini oshirib koʻrsatish oqibatida kelib chiqqan. Holat boʻyicha sudga kiritilgan daʼvo arizasi qonoatlantirilgan va isteʼmolchiga hisoblangan asossiz qarzdorlik bekor qilingan.

Bundan tashqari, tuman gaz taʼminoti boʻlimi tomonidan fuqarolar T.R. ga nisbatan 3 million 362 ming soʻm, Sh.Sh. ga 4 million soʻm, R.A. ga 1 million 656 ming soʻm, A.X. ga 2 million 663 ming soʻmlik noqonuniy hisoblangan qarzdorliklar tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan kiritilgan daʼvo arizalariga muvofiq sud tomonidan bekor qilinishi taʼminlandi.

Albatta, yuqoridagi holatlar gaz taʼminoti sohasi xodimlarining oʻz vazifasiga eʼtiborsizligi yoki isteʼmolchilarning huquqlarini oshkorona oyoqosti qilish holatlari tizim boʻyicha hamon davom etib kelayotganining hosilasidir.
 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00