15.02.2023
Xatirchi tumani "Avoxli" mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro O.S. Navoiy shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, isteʼmolchi sifatida buzilayotgan huquqlarining himoya qilinishida amaliy yordam soʻragan.
Murojaatda taʼkidlanishicha, 2021-yil may oyida Ipoteka banki tomonidan Navoiy shahar "Navoiy" koʻchasida joylashgan “Texno Shivaki Navoiy” MCHJ hisob raqamiga fuqaroning maishiy texnika olishi uchun ajratilgan 24 000 000 (yigirma toʻrt million) soʻm pul mablagʻi ko'chirib berilgan. “Texno Shivaki Navoiy” MCHJ esa fuqaroni xabardor qilmasdan, olinishi kerak bo'lgan tovarlarni oʻzaro til biriktirib boshqa fuqaroga berib yuborgan. Bundan tashqari, shu kungacha O.S. ni turli yo'lg'on bahonalar bilan aldab kelgan.
Murojaat Navoiy shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan batafsil oʻrganildi. Unga ko'ra, 2021-yil 10-aprelda sotuvchi va isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan 36-sonli shartnomaga asosan yetkazilishi kerak boʻlgan 2 dona 32 diogonalli televizor, 3 dona 49 diogonalli televizor, 1 dona changyutgich, jami 24 000 000 soʻmlik tovarlarni yetkazib berish tartiblari javobgar (xizmat koʻrsatuvchi MCHJ) tomonidan qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlandi.
Tegishli hujjatlar va oʻrganishda aniqlangan holatlarga asoslanib, isteʼmolchining buzilgan huquqlarini himoya qilish maqsadida Navoiy shahar jamiyati tomonidan sudga daʼvo arizasi kiritildi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Navbahor tumanlararo sudi javobgar “Texno Shivaki Navoiy” MCHJ dan fuqaro O.S. ga shartnomada kelishilgan 24 000 000 soʻmlik mulklarni yetkazish, shuningdek maʼnaviy zarar uchun 1 000 000 soʻm tovon puli undirish, davlat foydasiga esa 1 560 000 soʻm miqdorida davlat boji undirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.