17.02.2023
Marg‘ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan "Navro‘z" MFY da yashovchi M.S.ning shahar hududidagi savdo tarmog‘idan 2021-yilda iste'mol krediti shartlari asosida sotib olgan mahsuloti uchun to‘lovlarni to‘liq amalga oshirgan bo‘lishiga qaramay, iste'mol krediti tashkiloti unga qoldiq qarzdorlik mavjudligini da'vo qilayotgani masalasida shahar prokuraturasiga qilgan murojaati tegishliligi bo‘yicha o‘rganildi.
Murojaatga ko'ra, fuqaro 2021-yilda shahardagi "Hamroh" savdo tarmog‘idan 2 yil muddatga, iste'mol krediti shartlarida mahsulot sotib oladi. Unga mahsulot qiymatini 24 oy (2 yil) davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha grafik chiqarib beriladi. Muzokaralar jarayonida iste'molchi mahsulot qiymatini qisqaroq muddatda to‘lash imkoniyati borligini aytadi. Fuqaro taklifiga ko'ra, mas'ul xodim umumiy summani 4 oyga bo‘lib, har oyda to‘lanadigan summani aytgach, fuqaro keyingi 4 oy davomida aytilgan summalarni oyma-oy to‘lab boradi va oxirgi to‘lovdan so‘ng, kredit majburiyatidan to'liq xalos bo'ldim, deb o'ylaydi. Lekin oradan vaqtlar o‘tib, iste'molchi qarzdorlikni qolgan qismini to‘lash bo‘yicha ogohlantiriladi.
O'rganishlar davomida ma'lum bo'lishicha, mas'ul xodim umumiy summani oylarga bo‘lganda adashib, to‘lanishi kerak bo‘lgan summadan kamroq summani hisoblab chiqargani oqibatida anglashilmovchilik kelib chiqqan.
Murojaatni o‘rganish davomida olib borilgan muzokara va o'rganishlar natijasi, shuningdek iste'mol krediti tashkilotining taklifi bilan qolib ketgan to‘lov summasi (597 ming so'm) va to‘lovni kechiktirgani sababli hisoblangan penyalarni chegirib tashlashga kelishilib, muammo hal etildi.