Telegram-bot Virtual qabulxona

17.02.2023

O‘zbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatalari o'rtasida qo'shma buyruq imzolandi

O‘zbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov hamda Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi B.Toshev mazkur tashkilotlar oʻrtasida 2022-yil 15-martda tuzilgan Memorandumda belgilangan maqsad va vazifalarni roʻyobga chiqarish, mualliflar va ijrochilarning mulkiy huquqlarini amalda taʼminlash, huquqlarga rioya etish, ularning merosxoʻrlari manfaatlarini va jamoatchilik nazoratini yuritish orqali huquq egalarining isteʼmolchilik huquqlarini amalda taʼminlash maqsadida qo'shma buyruq imzoladi.

Unga ko'ra, quyidagilar belgilandi:

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy birlashmalari, tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi, asar va fonogrammalardan foydalanuvchilar qonuniy foydalanayotgani holati jamoatchilik nazorati tartibida muntazam ravishda monitoring (kuzatuv-oʻrganish) ishlarini olib borish;

2. Monitoring (kuzatuv-oʻrganish) ishlari Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tuman (shahar) jamiyatlari mutaxassislarini jalb qilgan holda har bir maʼmuriy hudud miqyosida amalga oshirish;

3. Monitoring (kuzatuv-oʻrganish) ishlarini amalga oshirishda asar va fonogrammalardan foydalanuvchilar manzillarini, faoliyat turini aniqlashtirish va roʻyxatini shakllantirish;

4. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tuman (shahar) jamiyatlari rahbar va mutaxassislari asarlar ommaviy ijro etilishini amalga oshiradigan yoki tashkil etadigan barcha jismoniy va yuridik shaxslar (mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar) - teatrlar (shu jumladan teatr-studiyalar, havaskorlik jamoalari va teatrlar), konsert va sirk birlashmalari, ijrochi jamoalar, sirklar, madaniyat markazlari, ofitserlar uylari, harbiy ansambllar va orkestrlar, modalar uylari, diskotekalar va raqs maydonchalari, istirohat bogʻlari, bogʻlar, stadionlar, sport va kinokonsert zallari, kinoteatrlar, videosalonlar, barlar, kafelar, restoranlar va umumiy ovqatlanishning boshqa korxonalari, sanatoriylar, pansionatlar, dam olish uylari, turistik bazalar, maishiy xizmat koʻrsatish, savdo, yoʻlovchi tashish transporti tashkilotlari va boshqa korxonalar, shuningdek e’lon qilingan adabiyot va san’at asarlaridan efir yoki kabel eshittirishlari va ko‘rsatuvlarida foydalanadigan boshqa tashkilotlar bilan litsenziya shartnomasi tuzishga jalb etish;

5. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tuman (shahar) jamiyatlari rahbarlari va mutaxassislari asarlar ommaviy ijro etilishini amalga oshiradigan yoki tashkil etadigan barcha jismoniy va yuridik shaxslar bilan litsenziya shartnomasini tuzishda vaqtincha jamoatchilik asosida ishtirok etishi;

Jamoatchilik inspektorlarining faoliyati samaradorligi har oy yakuni boʻyicha baholanib boriladi, yaxshi koʻrsatkichlarga ega boʻlgan jamoatchilik inspektorlari bilan keyinchalik tegishli shartnoma tuzilgan holda Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tomonidan haq toʻlanadi

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tuman (shahar) jamiyatlarining loyihaga jalb etilgan rahbar va mutaxassislari Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasining jamoatchilik inspektorlari hisoblanadi hamda palata tomonidan berilgan guvohnoma asosida faoliyat ko‘rsatadi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00