Telegram-bot Virtual qabulxona

17.02.2023

“Kamol bobo ishonchi” MCHJ mas’ullari iste’molchining ishonchini oqlamadi

“Kamol bobo ishonchi” MCHJ mas’ullari iste’molchining ishonchini oqlamadi. Ya’ni, 20 million so‘mga to‘liq qazilib, ishga tushirib berishga kelishilgan quduq chala qoldirib ketildi. Bu haqda Gʻuzor tumanidagi "Istiqbol" MFY, "Bo‘yniqora" qishlog‘ida yashovchi fuqaro S.Q. tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyasi bilan xonadoniga “Agrobank”ning imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan artezian qudug‘i qazib berish xizmati uchun “Kamol bobo ishonchi” MCHJ bilan shartnoma tuzgan. Shartnomaga muvofiq qiymati 20 million so‘m bo‘lgan ishlar bajarilishi belgilangan. Biroq xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan ishlar boshlanib, to‘liq nihoyasiga yetkazilmasdan chala holda qoldirib ketilgan.

Murojaatni o‘rganib chiqish jarayonida, xizmat ko‘rsatuvchi “Kamol bobo ishonchi” MCHJ mas’ullariga  “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi Qonunining 19-moddasi talablari, ya’ni “Agar ijrochi shartnoma shartlarini jiddiy buzgan bo‘lsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli” ekanligi tushuntirildi.

Qonun talablariga muvofiq, xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan quduqni ishga tushirishda chala qoldirib ketilgan ishlar to‘liq yakunlanib, artezian uchun suv nasosi va boshqa jihozlar o‘rnatildi hamda iste’molchiga tayyor holda foydalanishga topshirilishi ta’minlandi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00