Telegram-bot Virtual qabulxona

20.02.2023

Iste'molchi zimmasidagi 13 million asossiz qarzdorlik bartaraf etildi

Qashqadaryo viloyati Koson tumani "Xo‘jaquduq" mahallasida yashovchi fuqaro R.A. tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qilib, dehqonchilik qilish maqsadida qazilgan artezian qudug‘idan suv olishda foydalanilgan elektr energiyasi uchun 13 million so‘m asossiz qarzdorlik hisoblanayotganidan shikoyat qilgan.

Murojaat o‘rganilganda, elektr energiyasi to‘lovlari hisoblagich ko‘rsatgichiga muvofiq ortig‘i bilan to‘lab qo‘yilgani ma’lum bo‘lgan. Xususan, iste’molchi R.A. tomonidan hisoblagich bo‘yicha 1 million 866 ming so‘mlik elektr energiyasi iste’mol qilingani va o‘tgan davrda 3 million 72 ming so‘m to‘lov amalga oshirilgani, ya’ni iste’molchining elektr ta’minoti idorasidan joriy haqdorligi 1 million 205 ming so‘mni tashkil etayotgani aniqlangan. Biroq shunga qaramasdan, iste’molchiga foydalanilgan elektr energiyasidan ortiqcha bo'lgan juda katta miqdorda qarzdorlik hisoblangan.

Murojaatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, Koson tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tuman elektr ta’minoti korxonasiga ma’lumot kiritildi va iste’molchiga noqonuniy hisoblangan 13 million so‘m qarzdorlik bekor qilinishi hamda iste’molchining hisobidan chiqarilishi ta’minlandi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00