
20.02.2023
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani "Xo‘jaguzar" mahallasida yashovchi fuqaro E.J. tuman markazida joylashgan “Asaxiy” MCHJ ga tegishli maishiy texnikalar savdo do‘konidan 2 million 850 ming so‘mga REDMI-10 rusumli telefon apparati sotib oladi. Keyinchalik u boshqa do‘konlardan ushbu rusumdagi telefon narxlarini surishtirishi natijasida, sotuvchi tomonidan unga REDMI-10 apparati ancha qimmat narxda pullanganini bilib qoladi. Qolaversa, sotuvchilar unga sotilgan tovar uchun kafolat muddati ham bermagan edi.
E.J. ning bu haqdagi murojaati Gʻuzor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar davomida sotuvchiga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Chakana savdo qoidalari” talablariga ko‘ra, sotuvchi o‘zi sotayotgan mahsulotning narxlari shakllanishi haqida iste’molchiga oldindan ma’lumot taqdim etishi shart ekanligi tushuntirildi.
Sotuvchi tomonidan amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq qimmat narxda sotilgan tovar qaytarib olindi va to‘langan 2 million 850 ming so‘m pul mablag'i iste’molchiga qaytarilishi ta’minlandi.