Telegram-bot Virtual qabulxona

20.02.2023

Kafil bo‘lishga aslo shoshilmang!

So‘nggi yillarda kredit bozorining erkinlashuvi jismoniy shaxslar uchun ham o‘z faoliyatini moliyalashtirishning keng imkoniyatlarini yaratdi. Odamlar avtomobil, uy-joy yoki shunchaki iste’mol uchun kredit olishga kirishdi. Bu albatta ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilmoqda.
 

Kredit albatta haq evaziga bo‘ladi, ko‘pchilik holatlarda u aniq bir ta’minot chorasi bilan mustahkamlanishi talab etiladi. Masalan, mol-mulk garovi yoki kafillik kabi ta’minot usullari keng qo‘llaniladi. Odatda, kafil bo‘lish uchun yetarli ish haqiga ega bo‘lish, voyaga yetgan va muomalaga layoqatli bo‘lish talab qilinadi.
 

Ahamiyatli jihati, kreditlarni vaqtida to‘lamaslik holatlarida qarzni to‘lash majburiyati qarzdorninggina emas, balki kafillar zimmasiga ham tushmoqda, qarzdorning kredit olishi uchun garovga mol-mulkini qo‘yib bergan boshqa shaxslar mol-mulkidan ajrab qolmoqda. Ko‘pchilik kafillar sudda kafillikning mazmunini tushunmaganini, kafillik bu shunchaki rasmiyatchilik, shartnomaga imzo qo‘yib berish yetarli deb o‘ylaganini, kredit bo‘yicha qarzni to‘lashi lozimligini tasavvur qilmaganini aytmoqda.
 

Odamlar, odatda, qarzdor o‘z qarzini vaqtida to‘laydi, deb ishonishadi. Bundan tashqari, bank avval qarzdordan kredit qarzdorligini talab qiladi, u to‘lay olmasagina kafildan talab qiladi" deb o‘ylaydi. Agar sizdan ham tanish-bilishlar, qarindosh-urug‘lar kredit uchun kafil bo‘lishni so‘rasalar, bunday kafil bo‘lishga shoshilmang!
 

Kafil kim?
Kafil – bu kafillik shartnomasi bo‘yicha boshqa shaxs o‘z majburiyatini to‘la yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni o‘z zimmasiga oluvchi shaxs (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 292-moddasi).

 

Kafillikda kafilning javobgarligi subsidiar yoki solidar tarzda belgilanishi mumkin.
Ma’lumot uchun: solidar javobgarlik – kreditor majburiyatlarning ijro etilishini qarzdorlardan (qarz oluvchi va kafildan) birgalikda yoki ularning istalgan biridan bajarishni talab qilishga haqli bo‘lishidir. Solidar qarzdorlarning biridan to‘liq qanoatlanmagan kreditor ololmagan narsasini boshqa solidar qarzdorlardan talab qilish huquqiga ega.
Bunda, kafil va qarzdor kredit tashkiloti oldida solidar javobgar bo‘lgan holatda, kreditning asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarini to‘lash bo‘yicha majburiyat qarzdor tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan bo‘lsa, kredit tashkiloti qarz oluvchidan ham kafildan ham majburiyatni bajarishni talab qiladi.

 

Subsidiar javobgarlik belgilanganda bank avval qarzdordan qarzni undirish choralarini ko‘rishi, imkoni bo‘lmagandagina kafildan qarzni to‘lashni talab qilishi mumkin.
Ko‘rinib turganidek, banklar o‘zi uchun qulay shaklni tanlaydi, deyarli doim kafilga solidar javobgarlik belgilovchi shartlarni belgilaydi. Ya’ni, qarzdor vaqtida qarzini to‘lamasa, bank kafildan ham qarzni to‘lashni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Har qanday holatda ham kafil butun mol-mulki bilan kredit qarzi bo‘yicha to‘liq javobgar bo‘ladi. Ko‘pchilik holatlarda banklar qulayroq undirish mexanizmini qo‘llashadi, kafilning bank kartasidan kredit qarzini darhol undirib olishga kelishib olishadi. Bunda kredit to‘lovini vaqtida qarzdor to‘lamagan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafilning hisob-raqamidan qarzni yechib olaveradi.

 

O‘z moliyaviy holati va imkoniyatlarini tahlil qilmasdan hamda qarz oluvchi tanishining kredit to‘lovlarini to‘liq o‘zi to‘lashi haqidagi og‘zaki va’dalariga ishongan holda kredit bo‘yicha kafil bo‘lgan fuqarolar, ya’ni kafillar kelgusida quyidagi xatar va muammolarga duch kelishi mumkin:

  •  kredit mablag‘idan haqiqatda foydalangan qarzdor kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamaganda, qarzdorlikni kafil o‘z mablag‘lari (mol-mulki) hisobidan to‘lashga majbur bo‘lishi;
  •  kredit to‘lovi qarz oluvchi va kafil tomonidan belgilangan muddatda to‘lanmaganda, kafilning kredit tarixi hisobotida muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘yicha ma’lumotlar paydo bo‘lishi va ushbu holat kelgusida kredit olish bo‘yicha kafilning kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi;
  •  taqdim etilgan kafillik, kelgusida kredit olish uchun banklar yoki boshqa kredit tashkilotlariga murojaat qilganda kafilning moliyaviy imko– taqdim etilgan kafillik, kelgusida kredit olish uchun banklar yoki boshqa kredit tashkilotlariga murojaat qilganda kafilning moliyaviy imkoniyatlarini pasaytirishi, ya’ni unga ajratiladigan kredit summasini kamaytirilishi yoki umuman kredit ajratilmasligiga sabab bo‘lishi;
  •  o‘zi xohlamagan holda turli prosessual jarayonlarda (sud, Majburiy ijro byurosi, notarius va h.k.) javobgar sifatida qatnashishi va boshqalar.
     
Kafillikdan voz kechsa bo‘ladimi?
Ko‘pchilik o‘ylaydiki, kreditga kafillik shartnomasini tuzgach, keyinroq undan voz kechish mumkin va oson. Lekin aslida bunday emas. Kafillik qarzdor majburiyatlari bo‘yicha kafilda ham majburiyat vujudga keltiradi. Qonunchilikka ko‘ra, shartnomani bir tomonlama bekor qilish, ya’ni kafillikdan bir tomonlama voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, kafil shartnoma tuzganidan keyin ishidan ayrilsa, kasal bo‘lib qolsa, qarzdor (kredit olgan tanishi) bilan janjallashib qolsa ham kafillik o‘z kuchida qolaveradi. Kafillik shartnomasini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun bank bilan kelishish kerak bo‘ladi, bank esa hech qachon o‘z ta’minoti zarariga harakat qilmaydi. Kafillik qachonki kredit qarzi to‘liq to‘langanda, qarz majburiyati boshqa shaxsga o‘tkazilganda yoki kafillik muddati o‘tib bo‘lgandan keyin tugaydi. Yana bir yo‘li kafilni almashtirishni so‘rab bankka murojaat qilish, agar tomonlar kelishsa kafilni boshqa shunday shaxsga almashtirish mumkin.

 
Kafillik quyidagi hollarda bekor bo‘ladi:
  • kafillik bilan ta’minlangan asosiy majburiyatning bekor bo‘lishi;
  • kafillik bilan ta’minlangan asosiy majburiyat kafilning roziligisiz javobgarlikning oshishiga yoki uning uchun boshqa noqulay oqibatlarga olib keladigan tarzda o‘zgartirilishi;
  • basharti, kafil yangi qarzdor uchun javobgar bo‘lish haqida kreditorga rozilik bermagan bo‘lsa, kafillik bilan ta’minlangan asosiy majburiyat bo‘yicha qarzning boshqa shaxsga o‘tkazilishi;
  • kreditorning qarzdor yoki kafil taklif etgan tegishli ijroni qabul qilishdan bosh tortishi;
  • kafillik berilgan (yoki qonun bilan belgilangan) muddatning o‘tishi, agar kreditor shu muddat ichida kafilga da’vo qo‘zg‘atmagan bo‘lsa.
Asosiy majburiyat bo‘yicha qarzning o‘tkazilishi munosabati bilan kafil, agar uning o‘zi bunga rozi bo‘lmasa, yangi qarzdor uchun javob bermaydi.
Agar asosiy majburiyatni bajarish muddati ko‘rsatilmagan, belgilanishi mumkin bo‘lmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilangan bo‘lsa, kreditor kafillik shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yil mobaynida kafilga nisbatan da’vo qo‘zg‘atmagan taqdirda kafillik bekor bo‘ladi.
 
 
 
 
 
 
 

Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00