Telegram-bot Virtual qabulxona

21.02.2023

O‘lchami to‘g‘ri kelmagan palto sotuvchiga, puli esa iste'molchiga qaytarildi

Farg'ona viloyati Oltiariq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan "Bozorboshi" MFY da yashovchi Sh.K.ning sotuvchidan o‘lchami to‘g‘ri kelmagan paltoning pulini qaytarib ololmayotgani to‘g‘risidagi yozma murojaati o‘rganildi.

Iste'molchining ma'lum qilishicha, u tuman markazida joylashgan kiyim-kechaklar savdo do‘konidan qizi uchun ayollar paltosini 1 mln 800 ming so‘mga xarid qilgan. Qiziga esa palto o'lchami mos kelmagan, shundan so‘ng, paltoni sotuvchiga qaytarib olib borgan. Lekin sotuvchi xuddi shu fasondagi va iste'molchi so‘ragan o‘lchamdagi palto sotuvda qolmaganini vaj qilib, o‘rniga boshqa fasondagi paltolardan birini berishi mumkinligini yoki qaytarib kelingan tovar sotilgandan so‘nggina to'langan pulini olishini ma'lum qilgan.

Amaldagi "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasida iste'molchining maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e'tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqliligi ko‘rsatib o‘tilgan. Faqatgina ushbu turdagi tovarning "O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari"ning 1-ilovasida ko‘rsatib o‘tilgan, sotuvchilar tomonidan qaytarib olinmaydigan tovarlar ro‘yxatiga kirmasligi talab etiladi. Albatta, iste'molchi ham o‘z o‘rnida almashtirishga keltirilayotgan tovarlarni iste'mol qilinmagan bo‘lishiga, uning tovar ko‘rinishi, iste'mol xossalari, plombasi, yorliqlari saqlangan bo‘lishiga jiddiy e'tibor qaratishi lozim.

Iste'molchi murojaatini o‘rganish jarayonida taraflarga qonunchilikning yuqoridagi talablari tushuntirildi. O‘rganish yakunlari bilan esa sotuvchi 1 mln 800 ming so‘m pulni iste'molchiga qaytardi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00