22.02.2023
Marg‘ilon shahar "Guliston" MFYda istiqomat qiluvchi M.Ch.ning O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Marg‘ilon shahar bo‘limiga qilgan murojaati tegishliligi bo‘yicha iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Murojaatga ko‘ra, u “Gano Excel Uzbekistan”ning Marg‘ilon filialidan farzandining salomatligini tiklash maqsadida 4 mln 637 ming so‘mga biofaol ozuqaviy qo‘shimchalar (BFQ) sotib olgan. Lekin mutaxassis shifokor tomonidan ushbu BFQ mahsulotlari farzandining sog‘lig'iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi tushuntirilib, tibbiy xulosa berilganidan keyin u farzandini tibbiyot muassasasida davolatishga qaror qiladi. Shundan so'ng, u BFQni sotib olgan kompaniya mas’ullariga holatni tushuntiradi va mahsulotni ularga topshirib, pulini qaytarib berishlarini so‘raydi. Ammo bu ish paysalga solingach, iste'molchi huquqni muhofaza qilish idorasiga murojaat qilishga majbur bo'ladi.
Murojaat shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilib, uning natijalari bilan M.Ch.ga 4 mln 637 ming so‘m pul mablag'i qaytarilishiga erishildi.
Iste'molchilar diqqatiga, biofaol ozuqaviy qo‘shimchalar dori vositalari sirasiga kirmasligi yodingizda bo'lsin. Kasallikdan forig‘ bo‘lish yo‘lida shifokor maslahati bilan ish yuritish maqsadga muvofiqdir!
Biofaol ozuqaviy qo‘shimchalarni sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga esa, BFQni aholiga realizasiya qilish jarayonida ularni "dori vositasi" deb sotmaslikni, balki mahsulot haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot berishni, aks holda, bu amaldagi "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi sifatida baholanishi hamda tegishli huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkinligini eslatib o‘tamiz.