
27.02.2023
Namangan viloyati Chortoq tumani "Yuksalish" MFYda yashovchi fuqaro O.O tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.
Unga ko'ra, fuqaro Chortoq tuman "Bogʻ" MFY hududida qurilayotgan koʻp qavatli uylardan xonadon sotib olish uchun “Osiyo” MCHJga 130 200 400 soʻm to'lov qilgan. Shartnomaga koʻra, “Osiyo” MCHJ tomonidan 2023-yil may oyida qurilish tugatilib, uylar topshirilishi belgilangan boʻlsa-da, javobgar tomonidan shartnoma shartlari bajarilmasdan, 2022-yil may oyida qurilish ishlari toʻxtatib qoʻyilib, hozirgi vaqtgacha qurilishlar davom ettirilmagan. Shu sababli, fuqaro toʻlangan 130 200 400 soʻm pul mablagʻini “OSIYO” MCHJ dan qaytarib olishda amaliy yordam soʻragan.
Chortoq tuman ijro etuvchi apparati tomonidan arizachi O.O ning murojaati oʻrganilib, javobgar “Osiyo” MCHJ rahbariyatiga murojaat toʻgʻrisida xabarnoma yuborildi. Biroq korxona tomonidan hech qanday javob berilmagani sababli, Fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tumanlararo sudiga fuqaro manfaatini koʻzlab daʼvo arizasi kiritildi.
Natijada, 2023-yil 17-fevral kuni da'vo arizasini ko'rib chiqqan sud fuqaro O.O ga javobgar “Osiyo” MCHJdan 130 200 400 soʻm moddiy zararni undirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.