Telegram-bot Virtual qabulxona

27.02.2023

Iste'molchi huquqlarini poymol qilgan MChJdan jami 523 million 508 ming so'm undirildi

Buxoro shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Buxoro shahar "Ashxobod" ko'chasida yashovchi fuqaro X.R. tomonidan murojaat kelib tushgan.

Murojaat mazmuni quyidagicha:

2018-yil 30-mayda Buxoro shahar hokimiyati, "Buxara Eko Stroy Servis Plyus" MChJ hamda fuqaro X.R. o'rtasida kelishuv bitimi imzolangan. Unga ko'ra, shahar hokimligi "Buxara Eko Stroy Servis Plyus" MChJga bosh reja asosida ko'p qavatli turarjoy qurish uchun yer uchastkasini ajratishi evaziga buzilishi rejalashtirilgan X.R.ga tegishli uyni zaxiraga qaytarib, yakka tartibda uy-joy qurish uchun  400 kv/metr yer uchastkasi ajratilishi, MChJ esa zimmasiga qurilish muddati davomida ijarada yashash uchun fuqaroni uy-joy bilan ta'minlash va qurilish ishlari tugallangandan so'ng, mazkur obyektdan 3 xonalik ta'mirlangan uy-joyni bepul berish majburiyatini olgan. Shuningdek, jamiyat va fuqaro X.R. o'rtasida tuzilgan shartnomaga ko'ra, 2021-yil 26-yanvarga qadar "Buxara Eko Stroy Servis Plyus" MChJ fuqaroga Buxoro shahar Ibn Sino ko'chasi 53-uydan 101,5 kv/metrdan iborat xonadonni, 2021-yil 31-dekabrgacha esa Ibn Sino ko'chasidagi 50-uydan 86 kv/metrdan iborat xonadonni topshirishi kerak bo'lgan. Ammo shartnoma shartlari jiddiy ravishda buzilib, javobgar tomonidan uy-joy o'z vaqtida qurib topshirilmagan hamda 4 million so'mlik ijara pullari ham to'lanmagan, natijada, fuqaro 5 yildan beri uysiz qolib ketgan. 

Ushbu murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan o'rganilib, fuqarolik ishlari bo'yicha Buxoro tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi.

Sud qaroriga ko'ra, javobgar "Buxara Eko Stroy Servis Plyus" MChJdan fuqaro X.R. foydasiga 383 182 592 so'm kompensatsiya, 4 million so'm ijara haqi, 106 575 000 foiz, 10 million so'm ma'naviy zarar, jami  503 757 592 so'm va pochta xarajatlari uchun to'langan 30 ming so'm, shuningdek, davlat foydasiga 19 750 592 so'm davlat boji undirilishi belgilandi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00