
01.03.2023
Karmana tumani "Choʻtqara" massivida istiqomat qiluvchi fuqaro R.Sh. yashab turgan xonadonini taʼmirlatish maqsadida Navoiy shahrida joylashgan “Farxod mebel Navoiy” oilaviy korxonasi bilan ogʻzaki kelishuv tuzib, “qoʻli gul ustalarga” oldindan 4 million soʻm toʻlov qilgan. Ammo ishlar yakuniga yetgach, qilingan ishlar sifatsizligi sababli taʼmirlangan devor suvoqlari koʻchib tusha boshlagan. Shundan soʻng, isteʼmolchi Navoiy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur boʻlgan.
Murojaatni oʻrganish jarayonida xizmat koʻrsatuvchi tomonga fuqaroning isteʼmolchi sifatidagi huquqlari va xizmat koʻrsatuvchining majburiyatlari toʻgʻrisida amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Tushuntirishlar foyda bermagach, fuqaroning qonuniy huquqini himoya qilish maqsadida jamiyat tomonidan sudga daʼvo arizasi kiritildi.
Sud sifatsiz ish uchun oldindan toʻlangan 4 million soʻm mablagʻni iste'molchiga qaytarilishi va sud xarajatlari javobgar “Farxod mebel Navoiy” OK tomonidan undirilishi toʻgʻrisida qaror qabul qildi.