28.03.2023
Davlatobod tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga fuqaro R.A.dan murojaat kelib tushgan.
Unda bayon etilishicha, fuqaro 2020-yil 17-mayda tadbirkor “YATT Gʻofurov Xamdamjon Anvarjonovich” bilan muddatli to'lov asosida 18 million 163 ming so'mlik kompyuter, rangli printer va ofis kreslosini sotib olish bo'yicha shartnoma tuzgan. Da'vogar tomonidan oldindan 700 ming so'm to'lov qilingan. Biroq xarid qilingan printer nosoz bo‘lib chiqqan va kompyuter ham talablarga javob bermagan. Shundan so‘ng, iste'molchi nosoz tovarlarni savdo do‘koniga qaytargan, lekin sotuvchi faqatgina rangli printerni 4 oy o'tib sifatlisiga almashtirib bergan, monitor, protsessor va klaviaturani esa almashtirib berishdan bosh tortgan.
Holat yuzasidan jamiyat xodimlari tomonidan tadbirkorga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga asosan, tovarlarni talab darajasidagi mahsulotlarga almashtirib berishi kerakligi tushuntirilsa-da, iste'molchi talabi bajarilmadi. Shundan so‘ng, jamiyat tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudiga da’vo arizasi yuborildi. Sud qaroriga ko'ra, fuqaro foydasiga 10 million 45 ming so‘m moddiy va 3 million so‘m ma’naviy zarar undirildi.