31.03.2023
Uchqo‘rg‘on tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga fuqaro D.A. tomonidan murojaat kelib tushgan.
Unda keltirilishicha, iste'molchi Uchqo‘rg‘on bozoridagi tadbirkor I.K. ga tegishli savdo do‘konidan qiymati 1 million 250 ming so'mlik gaz plita sotib olgan. Uyiga olib kelib, bir marta ishlatib ko'rishi bilanoq, gaz plita o‘zidan-o‘zi tutab ketgan. So'ng, fuqaro ushbu holatni telefon orqali do‘kon egasiga tushuntirgan. Sotuvchi esa olib kelsa, almashtirib berishini aytgan, biroq o'tgan ikki oy davomida "ertaga keling", "indinga keling", deya o'zini paysalga solib, keksa odamni ovora qilavergan.
Jamiyat tomonidan murojaat o‘rganilib, qonuniy asosda do‘kon egalariga iste’molchining haq-huquqlari tushuntirildi. Shundan so‘ng, gaz plita yangisiga almashtirib berildi.