12.07.2021
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga 2021-yilning 1-yarim yilligi davomida fuqaro (isteʼmolchi)lardan jami 6314 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ushbu murojaatlarning 3837 tasi ogʻzaki, 1640 tasi yozma, 837 tasi esa elektron shaklda yuborilgan.
Mazkur murojaatlarning 837 ta elektron murojaatning 574 tasi “Prezidentga murojaat portali”, 174 tasi yagona Davlat interaktiv poratli orqali Bosh prokuratura tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun yoʻllangan. 89 ta murojaat Federatsiyaning virtual qabulxonasiga hamda “Telegram” ijtimoiy tarmogʻida tashkil etilgan “@PotrebitelUz_bot” manzili orqali yoʻllangan.
Murojaatlarning 5937 tasi yaʼni, 94,0 % ijobiy hal etilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 12 166 168 672 (oʻn ikki milliard bir yuz oltmish olti millionbir yuz oltmish sakkiz ming olti yuz yetmish ikki) soʻm yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.
32 ta murojaat asosida isteʼmolchilarning manfaatlarini koʻzlab sud organlariga daʼvo arizalari kiritilishi va ijobiy hal etilishi natijasida 1 314 651 898 (bir milliard uch yuz oʻn toʻrt million olti yuz ellik bir ming sakkiz yuz toʻqson sakkiz) soʻm moddiy va maʼnaviy zararlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Bundan tashqari, Federatsiya va uning hududiy ijro organlari tomonidan, isteʼmolchilardan tushgan jami 34 ta murojaat yuzasidan ularning qonuniy manfaatlarini koʻzlab, nazorat organlariga tegishli murojaatlar yoʻllanib, ijobiy hal etilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga 15 400 000 (oʻn besh million toʻrt yuz ming) soʻm mablagʻ qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.
Hisobot davrida isteʼmolchilar tomonidan qilingan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda, murojaatlarning 2414 tasi (38,2%) savdo sohasiga, 803 tasi (12,7%) gaz taʼminoti sohasiga, 673 tasi (10,7%) elektr taʼminoti sohasiga, 326 tasi (5,2%) suv taʼminoti sohasiga, 226 tasi (3,6%) kommunal xizmat sohasiga, 70 tasi (1,1%) sogʻliqni saqlash sohasiga, 432 tasi (6,8%) xizmat koʻrsatish (servis) sohasiga, 134 tasi (2,1%) transport sohasiga, 194 tasi (3,1%) aloqa (va internet) sohasiga, 1042 tasi (11,2%) esa boshqa sohalarga toʻgʻri kelishini koʻrishimiz mumkin.
Federatsiya tizimida tashkil qilingan 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali jami 1750 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ushbu murojaatlarning qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi natijasida 1664 tasi ijobiy hal etilishiga erishildi.
Mazkur ijobiy hal qilingan murojaatlar natijasida 1 985 138 782 (bir milliard toʻqqiz yuz sakson besh million bir yuz oʻttiz sakkiz ming yetti yuz sakson ikki) soʻm mablagʻ isteʼmolchilar foydasiga undirilgan.
Bugungi kunda fuqarolarimizga yanada qulaylik yaratish maqsadida ularning tegishli murojaatlari Federatsiya tizimida tashkil qilingan 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoni, Federatsiyaning virtual qabulxonasi, Bosh prokuraturaning elektron dasturi (crm.trask.uz) hamda Prezidentga murojaat portali shuningdek, “telegram” ijtimoiy tarmogʻida tashkil etilgan “@PotrebitelUz_bot” manzili orqali qabul qilib kelinmoqda. Bunda fuqaro (isteʼmolchi)lar real vaqt rejimida murojaatlarini qoldirishlari mumkin
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati