
18.04.2023
Paxtakor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga "Paxtakor" MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro R.J.dan yozma ariza kelib tushgan.
Unda bayon etilishicha, fuqaro "Oltinkoʻl" MFYdagi "T storе" savdo doʻkonidan "Honor Х8 А" rusumli mobil aloqa vositasini bir yillik muddatli to'lov sharti bilan 4 500 000 soʻmga xarid qilgan. Afsuski, telefon nosoz chiqqan. Iste’molchi uni doʻkonga qaytarib olib borganda, sotuvchi nosoz tovarni almashtirib bermagan.
Jamiyat mutasaddilari tomonidan holat oʻrganilib, sotuvchiga Oʻzbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining tegishli moddalari tushuntirildi. Natijada, nosoz telefon sifatlisiga almashtirib berildi.