Telegram-bot Virtual qabulxona

19.04.2023

Sud orqali iste'molchi foydasiga 26 900 000 so'm undirildi

Kattaqo‘rg‘on tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga fuqaro P.N.dan murojaat kelib tushgan.

Fuqaroga AT “Xalq banki” Payshanba filiali tomonidan “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida qoramol boqish va ko‘paytirish uchun 2021-yil 16-aprel kuni 30 000 000 so‘m kredit ajratilgan. Ushbu kredit iste’molchiga mahsulot yetkazib berish uchun javobgar “Turon nasldor chorvalar” fermer xo‘jaligining hisobraqamiga ko‘chirilgan. Fermer xo'jaligi tomonidan murojaatchiga 2021-yil 3-may kuni har bir boshi 10 000 000 so‘mga baholanib, jami 3 bosh qoramol berilgan. O‘sha vaqtda berilgan qoramollar yo‘talib turgan bo‘lgan, iste’molchi bu haqida so‘raganida javobgar xodimlar qoramollar yo‘ldan charchab kelgani sababli yo‘talayotgani, ular shifokor ko‘rigidan o‘tkazilganini aytishgan. Oradan bir oy o'tib esa, qoramollarning ikkitasi o'lib qolgan. Bu borada iste’molchi ta’minotchiga bir necha bor murojaat qilgan bo'lishiga qaramay, muammo hal etilmagan.

Jamiyat xodimlari tomonidan holat o'rganilib, fuqarolik ishlari bo'yicha Samarqand viloyat sudiga da'vo arizasi kiritildi. Sud qaroriga ko'ra, javobgar “Turon nasldor chorvalar” fermer xo‘jaligidan iste'molchi foydasiga 26 900 000 so'm hamda davlat foydasiga 2 424 000 so'm davlat boji undirildi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00