Telegram-bot Virtual qabulxona

24.07.2021

AHOLINI TOZA ICHIMLIK SUVI BILAN TAʼMINLASH BORASIDA NIMA MUAMMOLAR BOR?

Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida Fargʻona viloyati hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlariga ichimlik suvi taʼminoti masalalarida jami 48 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, shularning 8 tasi Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoni vositasida qabul qilingan boʻlsa, 40 tasi esa toʻgʻridan-toʻgʻri Federatsiyaning viloyatdagi hududiy ijro etuvchi organlariga yozma va ogʻzaki ravishda qayd qilingan. Oʻtgan yilning mos davrida bu boradagi murojaatlar soni 24 tani tashkil qilgandi. Bundan kelib chiqadiki, ichimlik suvi taʼminoti masalalarida isteʼmolchilardan kelib tushayotgan murojaatlar soni teng baravarga ortgan. Misollarga toʻxtalamiz.
Qarzi bor deyilgan edi, haqdor boʻlib chiqdi
Toʻrisini tan olish kerak, koʻpchiligimizga elektr, gaz yoki suv taʼminoti idorasidan 20000 soʻm qarzing bor, deyishsa judayam xavotirga tushmaymiz. “Ha, boʻptida, toʻlab qoʻyamanda”, deb xotirjamlikka berilamiz. Lekin Fargʻona shahrida yashovchi L. Dyatlenko undaylardan emas ekan. Unga suv taʼminoti idorasi vakili 20 ming soʻm qarz boʻlib qolibsiz, tezda toʻlab qoʻying, deganda u anchagina asabiylashadi. Buni esa oʻziga yarasha sababi bor ekan ...
Xullas, isteʼmolchi ushbu masalada Federatsiyaning ishonch telefoniga murojaat qilib, masalaga aniqlik kiritishni soʻragan. Fargʻona shahar jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganishda maʼlum boʻlishicha, isteʼmol qilingan ichimlik suvi uchun toʻlovlarni hisoblagich koʻrsatkichlari asosida olib borayotgan isteʼmolchida qarz tugul, 31 ming soʻm haqdorlik borligi maʼlum boʻlgan.
Yer ostidan kachalkada suv tortib isteʼmol qiladigan fuqaroga yarim million soʻm qarzdorlik hisoblangan
Qoʻshtepaning Baland Masjid mahallasida istiqomat qiluvchi T.Oxunovning Federatsiya ishonch telefoniga qilgan murojaati oʻrganilganda, qiziq holatga duch kelingan. Isteʼmolchi xonadoniga ichimlik suvi tarmogʻi tortilmaganligi va ichimlik suvini yetkazib berish borasida tuman suv taʼminoti korxonasi bilan shartnoma ham imzolanmaganligini, lekin shunga qaramasdan undan korxona 432000 soʻm miqdoridagi qarzdorlikni soʻndirib qoʻyishni talab qilayotganligidan noroziligini bildirgandi.
Murojaatni Qoʻshtepa tuman jamiyati masʼullari tomonidan oʻrganilishi jarayonida fuqaro istiqomat qiluvchi koʻchada ichimlik suvi tarmogʻi mavjud boʻlsada, isteʼmolchi xonadoni ushbu tarmoqqa ulanmaganligi va oʻz-oʻzidan korxona va isteʼmolchi oʻrtasida shartnoma ham mavjud emasligi isbotini topgan. Xonadonga yer ostidan suv tortib olish uchun qoʻlbola kachalka oʻrnatilgan boʻlib, ularning asosiy ehtiyojlari mazkur uskuna vositasida tortib olinadigan suv bilan qoplanib kelingan. Mazkur holat “Fargʻonasuvtaʼminoti” MCHJning tuman boʻlimi masʼullari bilan hamkorlikda oʻrganib chiqilgach, isteʼmolchiga nisbatan hisoblangan qarzdorlikni korxona billing bazasidan chiqarish boʻyicha qaror qabul qilingan.
Koʻcha kolonkasidan suv tashib ichish tarifi boʻyicha notoʻgʻri hisob-kitob yuritilgan
Oʻzbekiston tumanining Yakka tut mahallasida istiqomat qiluvchi M. Alimovning qilgan murojaatida ichimlik suvini koʻcha kolonkasidan tashib keltirishlari, lekin bu boradagi toʻlovlarni hisoblashda belgilangan tarifdan chetga chiqish holati kuzatilayotganligi maʼlum qilingandi.
Holatni Oʻzbekiston tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan oʻrganilishi jarayonida xonadonda 5 kishi istiqomat qilishi, ichimlik suvi taʼminoti korxonasi tomonidan xonadon koʻcha kolonkasidan suv tashib keltirib isteʼmol qiluvchi emas, balki xonadoniga ichimlik suvi tortilgan, lekin suv hisoblagich oʻrnatilmagan tarifidagi toʻlov boʻyicha hisob-kitob olib borilayotganligi maʼlum boʻlgan. Oʻrganish natijalari bilan xonadonning soʻngi ikki oy davomidagi isteʼmol koʻrsatkichlari koʻcha kolonkasidan suv tashib keltirish tarifi boʻyicha hisoblanishiga va bu davr uchun xonadon 116000 soʻm emas, balki jon boshiga 4567,5 soʻmdan, jami 45680 soʻm miqdorida toʻlovlarni amalga oshirilishi koʻrsatib oʻtildi.
Adashib yechib olingan mablagʻ kelgusi isteʼmol uchun toʻlovlarga yoʻnaltirildiToshloq tumanida istiqomat qiluvchi A.Zokirovning onasi “Fargʻonasuvtaʼminoti” MCHJ tuman boʻlimiga isteʼmol qilingan ichimlik suvi uchun toʻlovlarni amalga oshirish uchun borganida, xonadon hisobida ichimlik suvi isteʼmoli borasida jarima ham mavjudligini aytishib, onaxonning bank plastik kartasidan 378000 soʻm mablagʻ yechib olingan. Toʻlovlarni muntazam amalga oshirib kelayotgan A.Zokirov esa bundan xabar topgach, Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaatni oʻrganish jarayonida mablagʻ haqiqatan ham yechib olinganligi, lekin xonadon hisobida ichimlik suvi taʼminoti masalalari boʻyicha hech qanday jarimalar mavjud emasligi maʼlum boʻldi. Olib borilgan oʻrganish ishlari natijasi bilan isteʼmolchi tomnidan toʻlangan pul mablagʻini kelgusi isteʼmol uchun oldindan toʻlov sifatida rasmiylashtirilishiga erishildi.
Fuqaroning murojaatidan soʻng avariya holati bartaraf etildi
Dangʻara tumani Teliming mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi A.Abdullayev xonadoni yonidan oʻtgan ichimlik suvi tarmogʻi trubasi yorilishi natijasida toza ichimlik suvi isrof boʻlayotganligi holati yuzasidan Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Isteʼmolchining murojaati tegishli tartibda rasmiylashtirilgach, Dangʻara tuman jamiyati va “Fargʻonasuvtaʼminoti” MCHJ tuman boʻlimi masʼullari hamkorligida murojatda koʻrsatilgan joyda oʻrganishlar oʻtkazilib, yuzaga kelgan avariya holati bartaraf etilishiga erishilgan.
Fuqaroning oldindan toʻlovdaligi isbotini topdi
Fargʻona shahrida yashovchi Y.Mirzaxonov oʻz murojaatida suv taʼminoti uchun amalga oshirgan toʻlovlari boʻyicha oldindan toʻlovda boʻlganligini, lekin bugungi kunga kelib korxona uning ichimlik suvi uchun oldindan toʻlov sifatidagi 314 m3 haqdorligini eʼtiborga olmayotganligi maʼlum qilingandi.
Fargʻona shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan mazkur murojaatni oʻrganish natijalari isteʼmolchining xonadonidagi suv hisoblagich koʻrsatgichini 00530 m3 igacha haqdorligini, yaʼni 40937 soʻm oldindan toʻlovda ekanligini koʻrsatgan va bu haqda fuqaroga tegishli tartibda maʼlum qilingan. 
Xuddi shuningdek, Margʻilon shahrida yashovchi M.Azizovaning Federatsiya ishonch telefoniga qilgan murojaati oʻrganilishi jarayonida xonadonni ichimlik suvi bilan taʼminlash yaxshilanishiga erishilgan.
                                                                                     
                                                                                                                                                                                   Gʻayrat Mamatqulov


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00