27.04.2023
Xorazm viloyati iste'molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasiga Urganch tumani "Adolat" mahallasida yashovchi D.B. hamda Yangibozor tumani "Navbahor" mahallasida yashovchi D.P. tomonidan murojaat kelib tushgan.
Ularga ko'ra, fuqaro D.B. Urganch shahridagi tadbirkordan 3 million soʻmga kir yuvish mashinasi xarid qilgan. Murojaatchi D.P. esa Urganch shahridagi savdo do'konlarining biridan 8 million 800 ming soʻmga LG rusumli televizor sotib olgan. Ammo ikkala texnikalar ham oradan hech qancha vaqt o'tmay, nosoz holga kelib qolgan. Sotuvchilar esa har xil bahonalarni roʻkach qilib, nosoz tovarlarni almashtirib bermagan.
Murojaatlar hududiy birlashma mutaxassislari tomonidan o'rganilib, "Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi qonunning tegishli moddalari asosida murojaatchilarning huquqlari himoya qilindi va ular xarid qilgan 3 000 000 soʻmlik kir yuvish mashinasi va 8 800 000 soʻmlik televizor puli qaytarib olib berildi.