Telegram-bot Virtual qabulxona

24.07.2021

Isteʼmolchilar huquqlari qonun himoyasida


Bozor rastalari va maishiy savdo doʻkonlaridan harid qilganimizda avvalo mahsulot sifati, uning yaroqlilik muddati oʻtgan yoki oʻtmaganiga sinchiklab qarash koʻpchilikning hayoliga kelmaydi. Sababi, doim shoshib yuramiz. Mahsulotni xarid qilib boʻlgandan soʻng esa, uning sifati yoki yaroqlilik muddati oʻtganini bilib, darrov uni almashtirishga tushamiz. Baʼzi sotuvchilarimiz almashtirib berishadi, baʼzilari esa  turli bahonalar orqali almashtirib berishdan bosh tortishadi. Bu esa isteʼmolchilarning norozichiligini keltirib chiqarishi tabiiy. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham shunga oʻxshash koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda, ulardan biri Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi fuqaro T.Roʻziyev tomonidan kelgan.
Isteʼmolchi oʻz murojaatida, 2018-yil mart oyida “Artel”  kompaniyasi bilan shartnoma qilib, kredit (3 yillik kafolat muddati) evaziga gaz plitasini xarid qilgan. Biroq, kafolat muddati davrida, yaʼni 2020-yil dekabr oyida gaz plitasi yonib ketgani bois  “Artel” kompaniyasiga murojaat qilib taʼmirlab berishi yoki almashtirib berishini soʻrab qilgan murojaati qanoatlantirilmagani, soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Navoiy viloyat hududiy boshqarmasiga qilgan shikoyati ham ijobiy hal etilmaganligini aytib oʻtgan.
Mazkur murojaat oʻrganilganda esa quyidagilar maʼlum boʻldi. Fuqaro T.Roʻziyev 2018-yilning mart oyida xonadoni uchun “Artel” maishiy texnika savdo doʻkonidan “Agrobank”ning 32 foizlik kredit mablagʻlari hisobidan 3 yillik kafolat muddati bilan gaz plitasi sotib olgan. Ammo, ushbu uskuna bir oy muddat oʻtmay nosoz holga kelib qolgan va shu sababli servis xizmati koʻrsatilgan. 2020-yilning dekabr oyida esa gaz plitasi oʻchik holda yonib ketganligi sababli yana servis xizmatiga murojaat qilganida servis xodimlari (kafolat muddati tugamay turib) tuzatib berish uchun fuqarodan 900 ming soʻm miqdorida xizmat haqqi talab qilgan. 
Fuqaro bu haqda 2021-yilning 2-mart kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining “Ishonch telefoni”ga yordam soʻrab murojaat qilgan. Agentlikning viloyat boshqarmasi tomonidan fuqaroga “Oʻrganish natijalariga koʻra nosoz holatdagi mahsulot (yaʼni gaz plita) “New Generations Product” MCHJning servis markazi mutaxassislari tomonidan tekshirib koʻrilganda tabiiy gazning kiruvchi yuqori bosimi (80 mbar) tufayli gaz plitasi yonib ketganligi..., Kafolatli xizmat koʻrsatish qoidalarining 18, 19-bandlarida bepul xizmat koʻrsatish yengib boʻlmas kuch taʼsirida kelib chiqqan nosozliklarga tadbiq qilinmasligi koʻrsatilganligi...., Ushbu javobdan norozi boʻlgan taqdirda yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi” toʻgʻrisida maʼlum qilingan
Shundan soʻng, Federatsiyaning Karmana tuman jamiyati xodimlari tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Karmana tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sud qaroriga binoan, fuqaro T.Roʻziyev foydasiga yetkazilgan moddiy zarar uchun jami 4 mln 500 ming soʻm, maʼnaviy zarar uchun 500 ming soʻm tovon undirilishiga erishildi.


Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
 jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00