Telegram-bot Virtual qabulxona

12.05.2023

“UzAuto Motors” ga to'langan ortiqcha QQS iste'molchilarga qaytarildi

Maʼlumki, mamlakatimizda qoʼshilgan qiymat soligʼi stavkasi tushirilgan. Biroq koʼpchilik isteʼmolchilardan “UzAuto Motors” avtosalonlari tomonidan pasaytirilgan 2,6 foizlik summa qaytarilmayotgani xususida murojaatlar kelib tushmoqda.

Xususan, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani "Beshbuloq" qishlogʼida yashovchi fuqaro K.X.dan federatsiyaning ishonch telefoni orqali murojaat kelib tushgan.

Qayd etilishicha, fuqaro Qarshi shahrida joylashgan “FAVORITE –CARS-SERVICE” MChJ bilan “Damas” rusumli avtomashina sotib olish uchun shartnoma tuzgan va 86 million 605 ming soʼm toʼlovni amalga oshirgan. Transport vositasi 2023-yilning 7-fevral kuni isteʼmolchiga yetkazib berilgan va avtosalon maʼmuriyati tomonidan qoʼshilgan qiymat soligʼi to'lovidagi ortiqcha summa 20 kun muddatda isteʼmolchining tegishli plastik kartasiga tushirib berilishi vaʼda qilingan. Ammo bugungi kunga qadar ushbu mablagʼ toʼlab berilmasdan kelgan.

Mazkur murojaat oʼrganilib, avtosalon hisobidan 2,6 foizlik qoʼshilgan qiymat soligʼidan qaytarilishi lozim boʼlgan 2 million 257 ming soʼm isteʼmolchi foydasiga undirib berilishi taʼminlandi.

Shuningdek, Yakkabogʼ tumani "Mevazor" mahallasida yashovchi D.J. ham shunday mazmunda murojaat qilgan. U “АS-Qashqadaryo servis” avtosalonidan “Damas” avtomashinasi sotib olgan. Lekin avtosalon shu kunga qadar 2,6 foizlik qoʼshilgan qiymat soligʼini isteʼmolchiga qaytarmasdan kelgan. Isteʼmolchining murojaatiga asosan qoʼshilgan qiymat soligʼidan qaytarilishi lozim boʼlgan 2 million 257 ming soʼm uning foydasiga undirib berildi.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00