15.05.2023
Samarqand shahar Oʻzbekiston koʻchasida yashovchi fuqaro S.A.ning murojaatida bayon qilinishicha, u bilan "SAMARKAND IDEAL BRICK" MCHJ oʻrtasida 2018-yil 20-aprelda tuzilgan shartnomaga asosan, pudratchi sifatida MCHJ tomonidan Samarqand shahar Ibn Xoldun koʻchasi 3 va 5 manzillardagi koʻp qavatli turarjoy qurilishining jami 1344 kv metr yertoʻlasi 2022-yilning dekabr oyida murojaatchiga belgilangan tartibda topshirilishi va egalik huquqi boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirilishi kerak boʻlgan. Shuningdek, shartnoma majburiyatlariga koʻra, fuqaro tomonidan MCHJ hisobraqamiga jami 3 milliard 360 million soʻm mablagʻ toʻlanishi kerakligi belgilangan.
Belgilangan muddatda fuqaro tomonidan barcha toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlangan boʻlsa-da, shartnomada koʻrsatilgan muddatdan 4 oy oʻtib ham MCHJ tomonidan mazkur qurilish binolarining yertoʻlasi noma'lum sabablarga koʻra, fuqaroga topshirilmagan.
Holat yuzasidan Samarqand shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatchi (federatsiya aʼzosi) manfaatida Fuqarolik ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Sudgacha nizoning oʻzaro maqbul qarorga erishish uchun Oʻzbekiston Respublikasi "Mediatsiya toʻgʻrisida"gi ЎРҚ-482-sonli Qonuni asosida 4 taraflama mediativ kelishuv imzolandi.
Birinchi taraf: "Samarkand ideal brick" MCHJ;
Ikkinchi taraf: Samarqand shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati;
Uchinchi taraf: fuqaro S.A.;
Toʻrtinchi taraf: Professional Mediator Y.Abdugafforov.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqorolik kodeksining 122-moddasi 10 prim 3-bandiga asosan, taraflar oʻrtasida mediativ kelishuv imzolangan boʻlsa, Sud davo ishi boʻyicha arizani koʻrmasdan qoldirishi mumkinligi belgilangan. Shu asosida MCHJ ning rasmiy iltimosnomasi hamda fuqaroning roziligi toʻgʻrisidagi arizasi sudga kiritildi va sud ishi qonunda belgilangan tartibda toʻxtatildi.
Tomonlarning mediativ kelishuviga asosan MCHJ tomonidan fuqaro S.A.ga Samarqand shahar Ibn Xoldun koʻchasi 3 va 5 manzillardagi koʻp qavatli turarjoy qurilishining jami 1344 kv metr yertoʻlasini topshirish va egalik huquqi boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirilishining oxirgi muddati 2023-yilning dekabr oyi etib belgilandi.