16.05.2023
Sharof Rashidov tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga "Jizzaxlik" mahallasida yashovchi fuqaro O.O. tomonidan murojaat kelib tushgan.
Unda bayon etilishicha, fuqaro hokim yordamchisi tavsiyasi bilan oilaviy tadbirkorlik qilish uchun o'z mahalla fuqarolar yig'iniga murojaat qilgan. Uning haqiqatan ham oilaviy ehtiyoji borligi aniqlangach, bank tomonidan iste'molchiga chorvachilik bilan shug'ullanish uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yillik muddatga 33.000 000 (oʻttiz uch million) soʻm kredit ajratilgan. Mablagʻ Sh.Rashidov tumani, "Samarqandquduq" QFYda joylashgan ta’minotchi “Yahyoyev Farhod fermer xoʻjaligi” hisobraqamiga oʻtkazilgan. Afsuski, bank kredit foiz toʻlovlarini soʻrab kelyapti hamki, olinishi kerak boʻlgan qoʻylardan darak yoʻq. Fermer bir kuni “hali qoʻy yoʻq” desa, bir kuni “kredit foizini oʻzim toʻlab beraman” degan aldovlar bilan murojaatchi talabini bajarmay kelgan.
Holat bo'yicha jamiyat mutaxassislari tomonidan o'rganish ishlari o'tkazilib, mas'ullarga tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada, 5 oy muddatdan koʻp hal etilmagan muammo oʻz yechimini topib, iste'molchiga fermer xoʻjaligidan 33 million soʻmlik qoʻy va qoʻzilar olib berildi.