22.05.2023
Chiroqchilik fuqaro O.S. tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Qayd etilishicha, fuqaro 2022-yil sentabr oyida Toshkent shahri Sergeli mashina bozoridan 188 million so‘mga “Chevrolet Tracker” rusumli avtomashina sotib olgan. Aniqrog'i, u Rossiya Federatsiyasida ishlab yurgan davrida otasiga pul jo‘natib, u orqali ushbu transport vositasini fuqaro O.Sh.dan besh oyda bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan va belgilangan muddatda kelishilgan pulni to‘liq to‘lagan. Mashinani sotgan fuqaro bilan esa og‘zaki tartibda O‘zbekistonga qaytganda avtomobilni qonuniy rasmiylashtirishga kelishib olgan. Murojaatchi 2023-yilning 24-mart sanasida Rossiyadan qaytib, mashinani rasmiylashtirish maqsadida uni sotgan fuqaroni izlab, bir necha marta Toshkent shahriga borgan. Biroq mashina egasini topishning imkoni bo‘lmagan. Bu orada hujjatsiz transportni boshqarib yurgan O.S.ni YPX xodimlari qo'lga olib, mashinani jarima maydoniga qo‘ygan va o'shanda ushbu transport vositasi, aslida, garovda ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganildi. O‘rganish jarayonida transport vositasini sotgan fuqaroga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi va murojaatchiga 188 million so‘m pul mablag'i undirib berildi.