24.05.2023
Toshloq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga "Tog‘liq" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi T. S. tomonidan yozma murojaat kelib tushgan.
Unda keltirilishicha, murojaatchi yashab turgan xonadonining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonida "Farg‘ona suv ta'minoti" MChJning Toshloq tuman bo‘limiga korxona xizmatlari bo‘yicha qarzdorligi yo‘qligi haqida ma'lumotnoma olish uchun borgan. Korxona mas'ullari esa unga xonadonning ichimlik suvi to‘lovlaridan 546 850 so‘m qarzdorligi mavjudligini aytgan. Fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat uning xonadoni, balki yashash mahallasiga ham hali ichimlik suvi tarmog‘i kirib bormagan.
Murojaatni tuman aholisiga ichimlik suvi yetkazib beruvchi korxona mas'ullari hamkorligida o‘rganilishi jarayonida murojaat egasi arizasida keltirilgan vajlar isbotini topib, xonadonga haqiqatda ham ichimlik suvi tarmog‘i tortilmaganligi ma'lum bo‘ldi. Mas'ullarning aytishicha, qarzdorlik texnik xatolik tufayli yuzaga kelgan.
O‘rganish ishlari jarayonida mas'ullarga amaldagi iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari targ‘iboti olib borilib, fuqaroga ichimlik suvi to‘lovlari bo‘yicha hisoblangan asossiz qarzdorlik bekor qilinganligi rasmiy ravishda ma'lum qilindi.