Telegram-bot Virtual qabulxona

06.08.2021

“COCA-COLA” KOMPANIYASI YUTUQLI AKSIYA GʻOLIBINING AVTOMOBILINI NEGA OʻZ EGASIGA TOPSHIRMAYAPTI

 

“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MCHJ kompaniyasi tomonidan 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan “Oʻzbekistonda Yangi yil Promo-aksiyasi 2020” Promo-aksiyasi doirasida koʻplab qimmatbaho sovrinlar oʻynalgan hamda unda millionlab isteʼmolchilar ishtirok etgan va sovrinlarni qoʻlga kiritgan.
Biroq bu kabi aksiyalarning oʻtkazilishi bilan bogʻliq jarayonlar va yutuqlarni oʻz egalariga topshirilishida isteʼmolchilarning manfaati buzilmayaptimi degan savol yuzaga kelmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kompaniya tomonidan oʻtkazilgan Promo-aksiyada bosh sovrin hisoblangan “NISSAN SYLPHY” avtomobillaridan birining gʻolibiga aylangan fuqaro Normatov Sayfiddin (Normatov Sayfiddin) murojaat qilib, 2021-yil 14-yanvar kuni “ZOʻR TV” telekanalidagi jonli efirda u tomonidan oʻynalgan “DIP440NR” proma kodli qopqoq gʻolib deb topilgani, jonli efirda u bilan telefon orqali bogʻlanishganligini hamda “NISSAN SYLPHY” avtomobilini qoʻlga kiritganligini maʼlum qilishganligini, bundan judayam xursand boʻlganligini maʼlum qilgan.
Ammo, hozirda u tomonidan “Coca-Cola Classic” mahsulotini xarid qilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan “DIP440NR” proma kodli qopqogʻi voyaga yetmagan farzandi tomonidan chiqindi sifatida tashlab yuborilganligi sababli, unga yutuq sifatida chiqqan “NISSAN SYLPHY” avtomobili kompaniya tomonidan berilmasdan kelinayotganligini bildirgan.
Fuqaro Normatov Sayfiddin va uning turmush oʻrtogʻi harbiy boʻlib, aynan 14-yanvarda aksiya gʻolibiga aylanishi ularning baxtiyorligini ikki karra oshirgan boʻlsa ne ajab.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mazkur holat boʻyicha kompaniya rahbariyatiga rasmiy murojaat qilib, fuqaro Normatov Sayfiddin (Normatov Sayfiddin)ga yutuqli sovrinni topshirilishida amaliy yordam soʻragan. Lekin, kompaniya rasmiylari yutuq topshirilishi uchun albatta “DIP440NR” proma kodli qopqoq kompaniyaga topshirilishini soʻrashgan.
Shundan soʻng, Federatsiya fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida Fuqarolik ishlari boʻyicha Mirobod tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritgan.
Mazkur daʼvo arizasi sud tomonidan koʻrib chiqilib, joriy yilning 1-iyulida Fuqarolik ishlari boʻyicha Mirobod tumanlararo sudining qaroriga asosan, fuqaro S.Normatovni “Oʻzbekistonda Yangi yil Promo-aksiyasi 2020” Promo-aksiyasi doirasida oʻtkazilgan aksiya gʻolibi sifatida eʼtirof etish hamda “Nissan Sylphy” rusumli avtomobilni davogarga topshirish majburiyati “Coca-Cola Uzbekistan, LTD” MCHJ kompaniyasi zimmasiga yuklatilgan.
Ammo, hanuz “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MCHJ kompaniyasi fuqaroning yutugʻini topshirmasdan kelmoqda. Kompaniya masʼullariga qilingan qoʻngʻiroqlar esa javobsiz qolmoqda.
Kompaniya katta ehtimol bilan yutuqni bermaslik uchun sudning qarori ustidan appelyatsiya shikoyati bersa kerak.
“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MCHJ kompaniyasi tomonidan Markaziy Osiyodagi eng yirik isteʼmolchi bozoriga ega boʻlgan davlatda Promo-aksiyani oʻtkazilishi kompaniyaning imijiga ham oʻzining ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (Consumers International)ning toʻlaqonli aʼzosi sifatida “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MCHJ kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan Promo-aksiya ishini yuqori baholaydi.
Bugungi kunda yutuqli proma kodli qopqoq fuqaro tomonidan yoʻqotilgan. Ammo, ushbu yutuqli proma kodli qopqoq mazkur fuqaroning nomiga rasmiylashtirilgan. Undan begona shaxslar foydalana olmaydi. Shuningdek, yutuqli proma kodli qopqoqni boshqa shaxs topib olib yutuqni olish imkoniyatiga ega emas. Sababi yutuqli “DIP440NR” proma kodli qopqoq fuqaro Normatov Sayfiddin (Normatov Sayfiddin) nomiga rasmiylashtirilgan.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ushbu holatni oʻrganib chiqib, xalqaro umumeʼtirof etilgan normalar va qadriyatlarga tayangan holda, inson, uning shaʼni va qadr qimmatini oliy darajadagi masala sifatida tan olib, fuqaro Normatov Sayfiddin (Normatov Sayfiddin)ga promo-aksiya gʻolibi sifatida “NISSAN SYLPHY” avtomobilini topshirilishini maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Agarda shu holat gʻarb mamlakatlarining birida sodir boʻlgandami, oʻzini hurmat qilgan kompaniya darhol, hech qanday bahonalarsiz yutuqni oʻz egasiga topshirgan boʻlar edi. 
Nima ham der edik, “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MCHJ kompaniyasiga insof bersin.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” MCHJning 57% davlat ulushini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqarib kelmoqda.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00