
26.05.2023
Ko‘zni qamashtiruvchi binolar, ulardagi qulayliklar va quruvchilar tomonidan berilgan va’dalar nechog‘lik haqiqat? Quruvchilar tomonidan shartnomadagi shartlar to'liq bajarilyaptimi? Shunday muammo bo'yicha joriy yilning 27-mart kuni Zarafshon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Buxoro viloyati Shofirkon tumani “Teraxon” qishlog‘ida yashovchi fuqaro B.N. tomonidan yozma ariza kelib tushgan.
Unda keltirilishicha, fuqaro Zarafshon shahar aholisi uchun ko‘p qavatli turarjoy xonadonlarini qurib beruvchi qurilish firmasidan 2 xonali uyni 225 500 000 so‘mga sotib olgan. Ammo quruvchi tomonidan shartnomaning 3.1.3 bandida keltirilgan shartlar bajarilmagan, ya'ni xonadonga isitish qurilmasi o'rnatib berilmagan.
Murojaat jamiyat xodimlari tomonidan o'rganilib, arizada keltirilgan muammolar haqiqatan ham o‘z isbotini topdi. Jamiyat mutaxassislari tomonidan qurilish firmasi rahbariyatiga O‘zbekiston Respublikasi "Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunining tegishli moddalari tushuntirib o‘tildi. Natijada, firma tomonidan fuqaro xonadoniga istish qurilmasi o‘rnatib berildi.