
08.06.2023
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi fuqaro F.D. federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaat qilgan.
Unga ko'ra, fuqaro shu yilning 31-may kuni Qarshi shahrida joylashgan “Farxod” savdo majmuasidan 6 million so‘mga suv nasosi sotib olgan. Biroq Termizga olib borgach, suv nasosining nosoz ekani ma’lum bo‘lgan. Iste’molchining bu bo'yicha murojaati esa sotuvchi tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan.
Ushbu murojaat Qarshi shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganildi. O‘rganish jarayonida iste’molchi tomonidan suv nasosi Qarshi shahriga olib kelindi va unda nuqsonlar borligi aniqlandi. Sotuvchiga amaldagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari tushuntirilgach, savdo do'koni tomonidan 6 million so‘m iste’molchiga qaytarildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuning 17-moddasida “Hajmi katta yoki vazni besh kilogrammdan ziyod tovarni ta’mirlash, narxini tushirish, almashtirish uchun eltish va iste’molchiga qaytarib keltirib berish sotuvchining (ishlab chiqaruvchining) kuchi bilan va uning hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu majburiyat bajarilmagan taqdirda tovarni eltish va qaytarib olib kelish iste’molchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin Bunda iste’molchining tovarni eltish va qaytarib olib ketish bilan bog‘liq xarajatlarini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) qoplashi shart” ekanligi belgilangan. Qonunning ushbu talablariga muvofiq, iste’molchi tomonidan suv nasosini almashtirishga olib kelish uchun sarflangan 500 ming so‘m xarajat ham savdo do'koni hisobidan qoplab berilishi ta’minlandi.