
12.06.2023
Toshkent viloyati iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasiga Qibray tumanida yashovchi fuqaro M.B.dan murojaat kelib tushgan.
Unda keltirilishicha, fuqaro 2022-yil 12-iyulda "Anor bank" AJ bilan kredit shartnomasi tuzib, 24 oy muddatga, ustama to'lash shartisiz 9 million so'm kredit olgan. 14-iyulda esa "Idea Concept Group" MChJdan qiymati 8 496 000 so'mlik "Lenovo" rusumli noutbuk sotib olgan. Ammo uni ishlatib ko'rganida Wi-Fi tizimida nuqson borligi ma'lum bo'lgan. Shundan so'ng, fuqaro noutbukni MChJga xizmat ko'rsatuvchi do'konga topshirgan, lekin shu vaqtgacha ta'mirlab berilmagan. Iste'molchi bu bo'yicha mas'ullarga bir necha bor murojaat qilgan bo'lsa-da, ijobiy natija bo'lmagan.
Ushbu murojaat bo'yicha hududiy birlashma xodimlari tomonidan o'rganish ishlari o'tkazilib, Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo'yicha Yakkasaroy tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi. Sud qaroriga ko'ra, "Idea Concept Group" MChJdan fuqaro foydasiga 8 496 000 so'm moddiy va 2 500 000 so'm ma'naviy zarar, shuningdek, davlat foydasiga 999 840 so'm davlat boji undirildi.