
14.06.2023
Shu yilning 6-iyun kuni Zarafshon shahar 7-kichik tumanda yashovchi fuqaro N.A. tomonidan federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaat kelib tushgan.
Unda keltirilishicha, fuqaro 4-mart kuni Zarafshon shahridagi “Ishonch” savdo markazidan “Viktus” rusumli noutbukni 3 oylik muddatli to‘lov asosida sotib olgan. Ammo oradan ko'p vaqt o'tmay, noutbuk ishlamay qolgan. Uning ustiga do'kon sotuvchilari iste’molchi sotib olgan texnika uchun kafolat muddati ham bermagan.
Murojaat yuzasidan jamiyat xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi va “Ishonch” savdo do‘koni ma'muriyatiga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari tushuntirildi. Shundan so‘ng, savdo do‘koni tomonidan fuqaroning noutbuk uchun to‘langan 14 985 000 so‘m pul mablag'i qaytarildi.