
15.06.2023
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro M.B. tomonidan tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat kelib tushgan.
Unda bayon etilishicha, fuqaro 2021-yilda tumanda faoliyat yurituvchi “Intelligent Trading House” MChJga qarashli "Oila market" savdo do'konidan qiymati 8 400 000 so’m bo'lgan “Avalon” konditsionerini 2 yillik muddatli to'lov asosida xarid qilgan. Murojaatchi bir yil ichida 4 052 000 so‘m to‘lov amalga oshirgan, ammo keyinchalik oilaviy sharoiti sababli, qolgan pulni to'lay olmagan. Shundan so'ng, do'kon xodimlari xonadondan tovarni hech qanday hujjatlarsiz va fuqaroning ishtirokisiz olib ketib, boshqa shaxsga sotib yuborgan. Shartnomada ko‘rsatilgan qarzdorlik shu bilan ham yakun topmagan, shuningdek, qolgan qarzga qo‘shimcha ravishda o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirmagani uchun penya hisoblanishi natijasida, fuqaroga 6 206 605 so‘m qarzdorlik belgilangan.
Holat yuzasidan ijro etuvchi apparat mutaxassislari tomonidan o‘rganishlar o‘tkazib, “Intelligent Trading House” MChJning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud qaroriga asosan, fuqaro bilan MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilinib, tayinlangan 6 206 605 so‘m qarzdorlik bartaraf etildi. Shuningdek, MChJdan davlat foydasiga 660 ming so'm davlat boji undirildi.