04.07.2023
Quva tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga "Yangiqishloq" mahallasida yashovchi fuqaro U.T.dan murojaat kelib tushgan.
Unga ko'ra, murojaatchi shu yilning may oyida tumanning "Chimboy" qishlog‘ida joylashgan xo‘jalik mollari do‘konidan 5 million 550 ming so'mlik 150 ta shifer sotib olgan. Ammo ulardan foydalanish davomida 44 tasi yorilib ketgan. Shundan so‘ng, ustalar qolgan 106 ta shiferdan foydalanmay, qurilish ishlarini to‘xtatgan. Iste'molchi esa ushbu masaladagi shikoyati bilan sotuvchiga, shuningdek, ishlab chiqaruvchi korxona vakillariga murojaat qilgan bo'lsa-da, muammo hal etilmagan.
Murojaatni o‘rganish davomida iste'molchi tomonidan ko‘rsatilgan vajlarning to‘g‘riligi, u qurilish mahsulotini haqiqatan ham yuqoridagi savdo do‘konidan xarid qilganligi, uni tomga yopish jarayonida nuqonslar kuzatilganligi o‘z isbotini topdi. Tuman jamiyati xodimlari tomonidan sotuvchiga qonunning mazkur holatdagi talablari tushuntirildi. Natijada, sifatsiz 150 ta shifer yangisiga almashtirildi.