
04.07.2023
Qarshi shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Qarshi tumani "Parvoz" mahallasida joylashgan koʼp qavatli uylarda yashovchi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushgan.
Unda qayd etilishicha, mahallada qurilgan koʼp qavatli xonadonlar tabiiy gaz tarmogʼiga ulanmagan, ovqat tayyorlashda elektr plitalaridan foydalaniladi. Uylar qurilib foydalanishga topshirilishidan oldin bu bo'yicha texnik shartlar belgilangan. Qarshi shahar elektr taʼminoti korxonasi bilan 50 foizlik ta'rifda haq toʼlash toʼgʼrisida shartnomalar rasmiylashtirilib, toʼlovlar shu asosda amalga oshirib kelingan. Аmmo elektr taʼminoti idorasi isteʼmolchilar bilan tuzilgan shartnomani bekor qilmasdan yoki 100 foizlik ta'rif boʼyicha yangi shartnoma rasmiylashtirmasdan turib, ularga amaldagi ta'rif boʼyicha toʼlov hisoblab kelgan va asossiz qarzdorlik keltirib chiqargan.
Qarshi shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan asossiz hisoblangan qarzdorliklarni va unga nisbatan hisoblangan penyani bekor qilish toʼgʼrisida fuqarolik ishlari boʼyicha Qarshi tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sud qaroriga ko'ra, mazkur holat amaldagi “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” va Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasi talablariga zid deb topilib, noqonuniy hisoblangan jami 62 million 390 ming soʼm qarzdorlik va penyalar bekor qilindi hamda isteʼmolchilar hisobidan chiqarildi.