Telegram-bot Virtual qabulxona

14.07.2023

Sifatsiz o‘rnatilgan eshik puli iste'molchiga qaytarildi

Farg‘ona shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan shaharning A.Qodiriy ko‘chasida yashovchi I.G.ning buyurtma qilgan eshik va romlarning sifatsiz o‘rnatilganligi holati yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.

Murojaatda keltirilishicha, fuqaro iyul oyining boshlarida qurilish mollari bozori hududidagi savdo do‘konidan 1 250 000 so‘mga 1 ta eshik va romni buyurtma qilgan. Buyurtmani xonadonga o‘rnatish uchun kelgan ustalar ishlarini tugallab ketishgach, xonadon egalari ishlar sifatsiz bajarilganligini bilib qolgan. Iste'molchi holat bo'yicha zudlik bilan buyurtmaga mas'ul bo‘lgan do‘kon rahbariga murojaat qilgan. U e'tirozni to‘g‘ri qabul qilib, tez fursatda kamchiliklarni bartaraf qilishga va'da bergan bo‘lsa-da, ishlar paysalga solib kelingan.

"Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 19-moddasiga muvofiq, agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo‘lsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste'molchi o‘z xohishiga ko‘ra shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli.

Murojaatni o‘rganish davomida iste'molchi ijrochi tomonidan bajarilgan ishdagi kamchiliklarni bartaraf qilinishi paysalga solib kelingani sababli, shartnomani bekor qilib, tovar uchun to‘langan pulini qaytarilishini talab qildi. Natijada, unga 1 250 000 so‘m pul mablag'i savdo do'koni tomonidan to‘liq qaytarildi.

 


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00