
19.07.2023
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy Axborot Agentligi o‘rtasida imzolangan Memorandumga asosan, respublikamiz hududida qurib foydalanishga topshirilgan va bugungi kunda qurilish ishlari davom ettirilayotgan obyektlar (bino, inshoot, turar joy binolari, yengil turdagi qurilmalar, vaqtinchalik qurilmalar)da qurilish normalari va qoidalariga rioya etilayotganligi, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi va ushbu sohada mavjud muammolarni o‘rganish yuzasidan jamoatchilik monitoringlari o‘tkazildi. O‘rganishlar maxsus ishchi guruhlar tomonidan hududlardagi ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p qavatli uy-joylarda bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida olib borildi va o‘rganish davomida quyidagilar ma’lum bo‘ldi:
Andijon viloyati
Tuman hokimligining Open byudjet mablag‘lari hisobidan rekonstruksiya qilinadigan ijtimoiy soha obyektlar manzilli ro‘yxatida mavjud Qo‘rg‘ontepa tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 17-, 35-, 36-, 41-, 45-, 49-, 54-sonIi maktablar hamda 41-65-IDUM qurilish obyektlari joylashgan hududlarga borib kuzatuv ishlari olib borilganda, mazkur ro‘yxatda ko‘rsatib o‘tilgan ijtimoiy soha obyektlarining deyarli barchasida haligacha hech qanday qurilish ishlari olib borilmayotganligi, ba’zilarida esa loyiha oldi hujjatlarini tayyorlash ishlari olib borilayotganligi, yana ayrim qurilish ishlari amalga oshirilishi uchun tanlovda g‘olib bo‘lgan quruvchi tashkilotlar ixtiyoriga o‘tgan bo‘lsada, hali hamon obyektlarda qurilish ishlari boshlanmagan.
Buxoro viloyati
Vobkent tuman, Kosari MFY, Kosari qishlog‘ida joylashgan Xayrivev Dilmurod Shukrullaevichga tegishli qurilishi tugallanmagan avtomobillarga servis xizmat ko‘rsatish binosida kuzatuv-o‘rganishlar o‘tkazilganda, ushbu obyekt yer uchastkasi 01.08.2022-yilda E.auksion platformasi orqali sotib olinganligi aniqlandi. Qurilish jarayonida umumiy jurnal yuritilmagan hamda texnika xavfsizlik jurnali mart oyigacha to‘ldirilgan. Payvandlash jurnali yuritilmagan, ohirgi payvandlash ishlari qayd etilmagan. Qurilish mollaridan g‘isht mahsulotining sertifikati mavjud emas. Tom qismida izolatsiya sifatida yong‘inga xavfli qamish vositasi ishlatilgan va sanitariya talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Qurilish ishchi xodimlari maxsus kiyim- bosh bilan ta’minlanmagan.
Qashqadaryo viloyati
Qarshi shahridagi 6 ta qurilish obyekti o‘rganilib, shundan 5 tasida bajarilgan qurilish-ta’mirlash ishlarida ishchilar maxsus kiyim va qo‘lqop bilan ta’minlanmaganligi, terilayotgan g‘ishtlarning notekis terilganligi, deraza romlari nostandart o‘rnatilganligi, qavatlarga o‘rnatilgan plitalar qurilish normalariga zid ravishda plita orasidagi choklar g‘isht bilan to‘ldirilib, bir tekis yamalmaganligi, quyilgan seysmo betonlar bir tekis chiqmasdan uzilishlar bilan notekis quyilganligi, eshik orasiga vkladish setkasi o‘rnatilmaganligi, qurilishda ishlatilayotgan ayrim materiallarga muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi, vaqtinchalik sendvich panel o‘rniga seysmo beton va pishiq g‘ishtdan qurilish qilinganligi kabi holatlar mavjudligi aniqlandi.
Samarqand viloyati
Oqdaryo tumani, Loyish mahallasi, Yangibog‘ ko‘chasida tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ikki qavatli bino loyiha asosida kapital ta’mirlash rejasiga kiritilgan bo‘lib, mazkur qurilish “Bunyodkor quruvchi” X/K tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Qurilish ishlari 2023-yil may oyida boshlangan bo‘lib, obyektning taxminan 25-35% ishlari bajarilgan, ammo, bir oydan buyon noma’lum sabablarga ko‘ra qurilish ishlari to‘xtatib qo‘yilgan. O‘rganish jarayonida mutlaqo qarovsiz qolgan obyektda hech kim yo‘qligi sabab, to‘liq ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Binoning atrofi qurilish chiqindilari bilan to‘lib ketgan, ya’ni chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqib ketilmagan. Qurilish tashkiloti tomonidan obodonlashtirish ishlari umuman olib borilmagan.
Surxondaryo viloyati
Viloyat hokimligi ”Yagona buyurtmachi injinering kompaniyasi” buyurtmasiga asosan umumiy qiymati 1800,0 million so’rn bo‘lgan Angor tumanidagi 240 o‘rinli 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabini qurish ishlari pudratchi “Hushboq Ali Angor” xususiy korxonasi tomonidan joriy yilning 21-may kuni boshlagan. Obyektning foydalanishga topshirish muddati ish boshlangan kundan boshlab 120 kun qilib belgilangan. Ikki qavatli maktab binosining fundament, birinchi qavatiga g‘isht terish, plita yopish ishlari, ikkinchi qavatga g‘isht terish ishlari bajarilgan. Ishchi jurnallar yuritilgan. Ishchilar maxsus kiyim bosh bilan ta’minlanmagan. Ishlatilgan qurilish materiallarining muvofiqlik sertifikatlari ko‘rsatilmadi. Ishchilar ovqatlanishi va kiyim almashtirish xonalari bilan ta’minlanmagan.
Xorazm viloyati
Yangiariq tumani hududida o‘rganish davriga qurilayotgan va qurilishi tugallangan noturar obyektlar soni jami 227 ta bo‘lib, shundan, 201 ta noturar obyektlar Xorazm viloyati QSXN inspeksiyasidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tganligi, 26 ta noturar obyektlarning ro‘yxatdan o‘tishi uchun turli xil muammolari mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, tuman hududida jami 2208 ta turar joylar qurilganligi, E-auksion orqali yengil konstruksiya asosida quriladigan shaxobchalardan 275 tasi sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, shundan, 154 tasi sotib olingan va qurib ishga tushirilganligi to‘g‘risida ma’lumot olinib, ushbu qurilish obyektlari tanlanma asosda o‘rganilganda, quyidagi muammoli qurilish obyektlari mavjudligi ma’lum bo‘ldi.