
20.07.2023
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksining 181-moddasiga asosan, qarzdor arz qilingan talabga qarshi e'tirozlarini buyruqni bergan sudga sud buyrug‘ining ko‘chirma nusxasini olgan kundan e'tiboran o‘n kunlik muddatda yuborishga haqli. Bunday holda sud'ya sud buyrug‘ini bekor qilib, bu haqda ajrim chiqaradi.
Shundan kelib chiqib, Farg‘ona shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan O‘zbekiston tumani "Buzuqqo‘rg‘on" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.M.ning manfaatlarini ko‘zlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga e'tiroznoma kiritildi.
E'tiroznomada fuqaro M.M.ga nisbatan "Maxsus garant avto servis" MChJ foydasiga 605 516 so‘m kommunal xizmat uchun qarzdorlik summasi, 16 500 so‘m sud xarajatlari va 330 000 so‘m davlat boji undirish to‘g‘risida chiqarilgan sud buyrug‘ini bekor qilish so‘ralgan. Sud buyrug‘ini bekor qilishga esa fuqaro Farg‘ona shahridagi A.Qodiriy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uydagi xonadonlardan biriga egalik qilishi, xonadonda hech kim yashamasligi, shuningdek, "Maxsus garant avto servis" MChJ bilan qayta hisob-kitob ishlari natijalariga ko‘ra, mazkur tashkilotdan qarzdorlik mavjud emasligi bo‘yicha ma'lumotnoma olingani asos qilib ko‘rsatilgan.
E'tiroznoma fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi tomonidan o'rganilib, sud buyrug'i bekor qilindi va murojaatchi foydasiga ajrim chiqarildi.