
26.07.2023
Toshloq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga "Tog‘liq" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi I.E. tomonidan murojaat kelib tushgan.
Unda keltirilishicha, fuqaro hozirda yashab turgan xonadoniga joriy yilning 11-may kunida ko‘chib o'tgan va elektr ta'minotidan foydalanish uchun tuman elektr ta'minoti korxonasiga borganida u yerda ishlovchi bir xodim (hozirda Rossiyaga ishlagani ketgan) xonadonga hisoblagich o‘rnatib, keyin kelishini aytgan. Murojaatchi ushbu maslahat asosida xonadoniga hisoblagich o‘rnattirib, yana borganida u xodimni topa olmagan. Uning hamkasblari esa, aslida, Davlat xizmatlari markaziga borishi kerakligini tushuntirgan. Mana shunday yugur-yugurlar davomida xonadonga kelgan tuman elektr ta'minoti mas'ul xodimlari tomonidan elektrdan noqonuniy foydalanish vaji bilan dalolatnoma rasmiylashtirib, u asosida fuqaroga 3 yarim million so‘m jarima qo‘llanilgan.
Tuman jamiyati tomonidan o‘rganish davomida iste'molchining manfaatlarini himoya qilish maqsadida to‘plangan hujjatlar "Farg‘ona HETK" AJga aloqa xati bilan kiritilib, ular asosida qayta hisob-kitob ishlari o‘tkazilishi so‘raldi. Mazkur idoradan esa murojaatda ko‘tarilgan muammo bartaraf etilgani to'g'risida rasmiy javob xati olindi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, jarima bekor qilindi va iste'molchi elektr energiyasi iste'moli bo‘yicha 134 803 so‘m qarzdorlik to‘laydigan bo‘ldi.