
07.08.2023
Bugungi kunda odamlarning og‘irini yengil qiladigan avtomatlashtirilgan uy-ro‘zg‘or buyumlari kundan kunga ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, bu borada kir yuvish mashinalarining ahamiyati juda ham katta. Xatirchi tumani “Miyonqul” MFYda yashovchi fuqaro S.A. ham ro‘zg‘or ishlarida turmush o‘rtog‘ining og‘irini yengil qilsin deb, Navoiy shahar markaziy dehqon bozorida joylashgan savdo do‘konidan 1.500.000 so‘mga kir yuvish mashinasi xarid qilib olgan. Ammo fuqaro uyiga borib, kir yuvish mashinasini qadog‘idan ochganida mashinaning pastki qismida nuqsoni borligi sababli norozilik bildirib ushbu masalada amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Murojaat jamiyat xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida, fuqaroga berilgan kir yuvish mashinasining nuqsoni bor ekanligi, mahsulotning pastki qismiga shikast yetkazilganligi ma'lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan savdo do‘koni rahbariga fuqaroning iste'molchi sifatida huquqlari, xizmat ko‘rsatuvchining majburiyatlari to‘g‘risida amaldagi qonunchilikka asosan tushuntirishlar berildi. Yakunda iste'molchining talabi qanoatlantirildi. Nuqsoni bo‘lgan kir yuvish mashinasi savdo do‘koniga qaytarilib fuqoroga sifatli kir yuvish mashinasi olib berildi.